AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp maslahatchilariga inauguratsiyadan keyingi dastlabki 100 kun ichida Xitoyga tashrif buyurish istagini bildirdi. Bu haqda muhokamalardan xabardor shaxslarga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.
Tashrif saylangan prezidentning Xitoy importiga yuqori bojxona to‘lovlarini joriy etish tahdidi fonida “Si Szinpin bilan munosabatlarni chuqurlashtirish maqsadida” rejalashtirilmoqda. Hozircha bu borada yakuniy qaror qabul qilinmagan. Tramp oxirgi marta Pekinga 2017-yilda, birinchi prezidentlik muddati boshlanganidan deyarli bir yil o‘tgach tashrif buyurgandi.
Trampning inauguratsiyasi 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Xitoy raisining o‘rinbosari Xan Chjen ishtirok etadi. Dastlab tadbirga shaxsan Si Szinpinning o‘zi taklif qilingan. Ikki davlat yetakchilari 17-yanvar kuni telefon orqali suhbatlashgan.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchilar o‘z vakillari orqali shaxsiy uchrashuvni muhokama qilgan. Xususan, variantlardan biriga ko‘ra, Tramp Xitoy rahbarini AQShga taklif qilishi mumkin.
AQSh va Xitoy munosabatlari
Ikki davlatning munosabatlari keskinligicha qolmoqda. Xususan, AQSh Xitoyni yuqori martabali siyosatchilarini kuzatayotganlikda ayblamoqda. Xitoy hukumati bunga, jumladan, xakerlik hujumlariga aloqadorligini qat’iyan rad etmoqda.
Noyabr oyining oxirida Tramp Kanada, Meksika va Xitoydan keltirilayotgan tovarlarga bojxona to‘lovlari oshirilishini aytib, bunday farmonni davlat rahbari lavozimida bo‘lgan birinchi kunidayoq imzolashga va’da bergandi.
U Xitoy mahsulotlariga 10 foiz miqdorida qo‘shimcha tarif stavkasi joriy etilishini aytgan va XXR hukumatini giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotganlikda ayblagan.
Trampning aytishicha, u Xitoy hukumati vakillari bilan uchrashuvlarda bu masalani bir necha bor ko‘targan, ular choralar ko‘rishga va’da bergan, ammo buni amalga oshirmagan. WSJ gazetasi yozishicha, yana bir “potensial nizoli masala” Tayvan bo‘lib, Pekin uni o‘z hududi deb hisoblaydi.
“Yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Si Szinpin Trampga orol masalasini ehtiyotkorlik bilan hal qilish zarurligini eslatib, uni milliy suverenitet muammosi deb atagan”, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12019 | Инструменты