Misrda o‘zbekistonlik talabalar uyushmasi tashkil etilishi mumkin

Misrda o‘zbekistonlik talabalar uyushmasi tashkil etilishi mumkin, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Al-Azhar universitetida tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvda bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan.

Xususan, Al-Azhar universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning manfaatlarini himoya qilish, ularning huquq va imkoniyatlarini mustahkamlash hamda talabalarning o‘zaro birdamligini kuchaytirish maqsadida o‘zbekistonlik talabalar uyushmasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida talabalar kun tartibidagi dolzarb muammolar, ta’lim jarayonidagi qiyinchiliklar, turli maishiy masalalar, hujjatlar bilan bog‘liq ishlar va boshqa masalalar xususida fikr almashildi. 

Shuningdek, elchixona, universitet rahbariyati va talabalar o‘rtasida doimiy aloqalarini mustahkamlash, talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy, ma’naviy va ilmiy faolligini rag‘batlantirish yuzasidan kelishib olindi. Uchrashuv yakunida talabalar uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты