Huawei 1
Miya saratoni: Erta diagnostika — kasallikni muvaffaqiyatli davolashning eng asosiy sharti

Miya — inson organizmidagi eng murakkab aʼzo. U fikrlash, so‘zlash, qaror qabul qilish va tana harakatini boshqarish kabi barcha hayotiy funksiyalarga masʼul hisoblanadi. Shu sababdan unda paydo bo‘ladigan har qanday o‘zgarish butun organizm faoliyatiga salbiy taʼsir etadi. Ayniqsa, miya o‘smalari jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi bilan juda xavfli.

Xo‘sh, miya saratoni qanday kasallik? U qaysi belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Ulug‘bek Asadullayev javob berdi.

— Miya saratoni – miya hujayralari yoki uning atrofidagi meningeal, bez va suyak to‘qimalarining patologik o‘zgarishi hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Yaʼni transformatsiya natijasida g‘ayritabiiy hujayralar nazoratsiz bo‘linish jarayonini boshlaydi.

Bu esa sog‘lom to‘qimalarni siqib chiqaruvchi va intrakranial bosimni oshiradigan shish paydo bo‘lishiga olib keladi. Qolaversa, bosh suyagidagi cheklangan bo‘shliq sharoitidagi xavfsiz o‘simtalar ham o‘z vaqtida davolanmasa, nogironlik, hatto, o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.

Miya saratoni – bevosita intrakranial to‘qimalarda o‘sishi yoki boshqa organda joylashgan o‘simta tomonidan tarqalgan metastazlar natijasida rivojlanadi.

Shuningdek, ular shakllanish joyiga ko‘ra gliomalar, miya membranalari to‘qimalarida rivojlanadigan meningiomalar, bosh suyagi nerv tolalari hujayralarida kelib chiqadigan nevromalar, gipofiz adenomalari, boshqa organlardan metastazlar va homiladorlik davrida rivojlanadigan dizembriogenetik neoplazma kabi bir qancha turlarga bo‘linadi.

Miya saratonining aniq sabablari hali ham nomaʼlum, ammo o‘smalarning rivojlanish ehtimolini sezilarli darajada oshiradigan baʼzi xavf omillari mavjud. Jumladan, nasliy moyillik, radiatsiya, kanserogenlar, gormonal buzilish, virusli infeksiyalar va hokazo. Ular orasida yagona isbotlangan sababi radiatsiyadir. Ushbu qo‘zg‘atuvchilar hujayralardagi genlar shikastlanishini keltirib chiqaradi va ularning mutatsiyasiga olib keladi.

Bundan tashqari, hujayralarning yomon sifatliga aylanishiga shakar o‘rnini bosuvchi modda (aspartam), plastmassa ishlab chiqarishda foydalanilayotgan kuchsiz shirin hidli rangsiz gaz (xlorli vinil), ayniqsa, hozirgi kunda oziq-ovqatlarda ko‘p ishlatilayotgan sifatsiz palma yog‘lari ham sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ayrim o‘sma turlari genetik anomaliyalar bilan ham bog‘liq.

Qizig‘i shundaki, bosh miya – oliy nerv sistemasi bo‘lib, butun organizmni boshqaradi. Miya saratoni paydo bo‘lganda, dastlabki bosqichlarda alomatlar mahalliy bo‘lib, o‘simtaning joylashishiga qarab kasallik o‘zini namoyon qiladi.

Xususan, xastalikning eng keng tarqalgan belgisi bosh og‘rig‘idir. U kasallikning erta bosqichlarida dastlabki signal sifatida xizmat qiladi. Og‘riq ertalab, uyg‘ongandan so‘ng, boshni egish vaqtida yoki keskin harakatlar qilish tufayli hosil bo‘ladi va kuchayadi. Oqibatda kundan kunga bemorlar og‘riq kuchayishiga sabab bo‘luvchi harakatlarni cheklaydi. Vaqt o‘tishi bilan u doimiy tus olib, ushbu alomatga ko‘ngil aynishi va qayt qilish holatlari qo‘shiladi.

Qolaversa, o‘sma bilan zararlangan bosh miya qismiga mos ravishda yuz nervlari, tana va oyoq-qo‘llarda sezgirlikning yo‘qolishi, bosh miya ichki bosimining ortishi, ko‘z qorachiqlarining kengayishi, g‘ilaylik, xotiraning pasayishi, eshitishning shikastlanishi, ruhiyat va muvozanat buzilishi, yozish, gapirish va tushunish qobiliyatlarining qisman yoki to‘liq yo‘qolishi, surunkali charchoq hamda keskin ozish kabi belgilar kuzatiladi.

Miya o‘smalarining dastlabki alomatlari bu sohalarning birida yoki bir nechtasida kichik o‘zgarishlar sifatida namoyon bo‘ladi, ammo vaqt o‘tishi bilan holat yomonlashaveradi.

Ushbu kasallikni samarali bartaraf etish o‘smaning bosqichi, turi, joylashgan o‘rni va bemorning yoshiga bog‘liq.

Davolash jarayonlarining muvaffaqiyati esa ikki omil — o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashxis qo‘yish bilan belgilanadi. Shu sababli yuqoridagi o‘zgarishlar kuzatilganda, darhol shifokorga murojaat qilish lozim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92014 | Инструменты