Huawei 1
Moskva oblastidagi saylovlarda asli o‘zbekistonlik nomzod g‘olib chiqdi. To‘rt kun o‘tib mandatni topshirishga majbur bo‘ldi

Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan, «Yedinaya Rossiya» partiyasidan Pushkino munitsipial kengashiga deputat etib saylangan Bahromjon Hasanov g‘alabasidan to‘rt kun o‘tib mandatidan voz kechdi, deb yozadi «Mediazona» partiyaning Moskva oblasti bo‘yicha bo‘limi matbuot xizmatiga tayanib.

Matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan xabarda Hasanov o‘z ixtiyoriga ko‘ra iste’foga chiqqani, Pushkino deputatlar kengashi saylovdan keyingi ilk yig‘ilishda uning vakolatlarini tugatish haqidagi so‘rovini qo‘llab-quvvatlagani aytilgan.

Shu bilan birga, «Mediazona»ning qayd etishicha, Davlat dumasining axboriy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Aleksandr Xinshteyn Hasanov deputatlik vakolatlarini «ixtiyoriy-majburiy» tarzda topshirgani haqida aytgan.

«Odamlarning noroziligiga sobiq migrant deputat bo‘lganining o‘zi emas, u maxsus harbiy amaliyot ishtirokchilarini aldashda ayblanayotgani ham sabab bo‘lmoqda», — deya yozgan Xinshteyn o‘z telegram-kanalida. «Bundan xursandman: bunday deputatlar bizga kerak emas», — deya qo‘shimcha qilgan u. Davlat dumasi deputati «Tsargrad» maqolasiga havola bergan, unda Hasanov harbiylarga buzuq mashina sovg‘a qilgani, ular unga ta’mirlash uchun 70 ming rubl berganida esa mashinani ta’mirlab bermagani yozilgan.

«Mediazona» xabariga ko‘ra, «Tsargrad» maqolasi «Rus hamjamiyati» millatchilik tashkiloti faollarining so‘zlari asosida yozilgan. Unda Hasanovni «yangi rus» va «quyoshli respublikadan kelgan ayyor fuqaro» kabi so‘zlar bilan atashgan.

1980 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan Bahromjon Hasanov 17 yoshiga qadar Tojikistonda yashagan, keyin Moskva yaqinidagi Pushkino shahriga ko‘chib borgan. U 2018 yilda RF fuqaroligini olgan. Hasanov RF qo‘shini Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan keyin harbiy harakatlar hududiga borgani va rossiyalik harbiy xizmatchilarga yordam ko‘rsatgani haqida aytgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91904 | Инструменты