Huawei 1
Moskvadagi avtobuslardan fuqarolarni Rossiya armiyasida xizmat qilishga chorlangan o‘zbek tilidagi e’lonlar olib tashlandi

Moskva shahridagi avtobuslarda joylashtirilgan e’lonlarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar o‘zbek, tojik va qirg‘iz tillarida Rossiya armiyasiga yollanishga chorlanib, evaziga soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritishga targ‘ib qilingani haqida xabar qilingandi.

"Mosgortrans" DUK ushbu e’lonlar chindan ham namoyish etilganini tasdiqlagan, ammo e’lonlar ayni vaqtda olib tashlanganini ma’lum qildi.

"Mosgortrans"dagilar TASS agentligiga e’lonlar "Saxarovo" migratsiya markazi rahbariyati murojaati asosida ikki oy muddatga Ms1, Ms2 va Ms3 yo‘nalishlaridagi avtobuslarga joylashtirilgan bo‘lganini xabar qilgan.

"Ayni vaqtda xabar efirdan olingan", — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Sentyabr oyida Davlat dumasi ma’qullagan tegishli o‘zgartirishlarga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarida bir yillik xizmat bo‘yicha shartnoma tuzadigan chet elliklar Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi mumkinligi belgilangandi. Shundan keyin Moskva meri Sergey Sobyanin Saxarovodagi migratsiya markazida Rossiya mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda xorijiy fuqarolarni harbiy xizmatga qabul qilish uchun infratuzilma yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o'tamiz, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham  xorijdagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11114 | Инструменты