Bu boradagi amaliy ishlarga qaramay, ushbu sohada sodir etilayotgan huqubuzarliklar soni ortmoqda. Xususan, 2020-yil 81 ta, 2021-yil 887 ta, 2022-yilda esa 1 ming 209 ta qonunbuzilish holati aniqlangan.
Ularning asosiy qismi Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanilgan holda sodir etilmoqda. Jumladan, 2022-yilda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilish holatlarining 31 foizi Internet tarmog‘ida sodir etilgan.
Bu kabi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan “Intellektual mulkni ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni 12-1-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov ma’ruza qildi:
"Yangi tahrirdagi qomusimizda ham intellektual mulkni ishonchli himoya qilish masalasi mustahkamlandi. Ammo intellektual mulkdan raqamli vositalar orqali noqonuniy foydalanish holatlari ko‘payib bormoqda. Bunga aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining intellektual mulk sohasi bo‘yicha xabardorligi past ekanligi sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, veb-sayt sahifasi egasi, blogerlar tomonidan intellektual mulk obyektlaridan internet va ijtimoiy tarmoqlarda foydalanish mumkin emasligi to‘g‘risidagi aniq normalar axborot sohasidagi qonunchilikda mavjud emasligi ham huquqbuzarliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu bois O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni 12-1-moddasiga axborot resursi egasining intellektual, shu jumladan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi shaxsiy javobgarligini oshirish nazarda tutilgan qo‘shimcha kiritilmoqda. Bu orqali veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa axborot resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish hamda axborot-kommunikatsiya muhitida intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning samarali himoyasini ta’minlash maqsad qilinmoqda".
Majlisda qonun loyihasi konseptual jihatdan qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42911 | Инструменты