Huawei 1
Mutaxassis: Galoterapiya orqali allergik kasalliklardan xalos bo‘lish mumkin

Avvallari galoterapiya muolajalari uchun tuz konlari joylashgan maxsus kurort zonalariga borishga to‘g‘ri kelgan. Keyinchalik yurtimizdagi sihatgoh va klinikalarda sunʼiy tuz g‘orlari tashkil etildi.

Hozir Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi binosida ham xuddi shunday amaliyot yo‘lga qo‘yilgan.

Markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova galoterapiyaning allergik kasalliklarni davolashdagi samaradorligi haqida maʼlumot berdi.

— Galoterapiya allergik xastaliklar muolajasida ijobiy natija berishi tasdiqlangan, — deydi mutaxassis. — Avvalo, tuz aerozollari nafas yo‘llarini tozalaydi va shu orqali bronxlardagi balg‘amlar ajralishini osonlashtiradi. Natijada nafas olish jarayoni va allergik simptomlar yengillashadi.

Qolaversa, tuzning antibakterial, antiseptik va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlari ham bor. Bu esa nafas yo‘llaridagi yallig‘lanishni kamaytirib, infeksiyalardan himoya qiladi, immun tizimini mustahkamlaydi.

Tuz g‘orlaridagi mikroiqlim sharoiti asab tizimini tinchlantirishi bilan ham ahamiyatli. Zotan, stressni kamaytirish allergik kasalliklarni davolashda yaxshi samara beradi.

Galoterapiya xonalarimiz maxsus tuz purkagichlar bilan jihozlangan. Bu yerda bronxial astma, allergik va vazomotor rinit, surunkali bronxit, bronxoektaz kasalligi hamda surunkali faringitdan aziyat chekayotgan bemorlar muolaja oladi.

Masalan, allergiya va bronxial astmaning yengil shakllari bilan og‘rigan bemorlarda 3-4 seansdan so‘ng sezuvchanlikning umumiy darajasi pasayadi, teri qichishi va qizarishi kamayib, burun oqishi yo‘qoladi hamda nafas olish normallashadi.

Shu maʼnoda, to‘g‘ri bajarilgan galoterapiya kursi allergiyadan butunlay xalos qilishi ham mumkin. Bu, avvalo, nafas olish tizimi hali rivojlanish bosqichida bo‘lgan bolalar, shuningdek, kasallikning yengil shakllaridan aziyat chekayotgan bemorlarga tegishli.

Allergiyaning og‘ir turlari va doimiy bronxospazm xurujlarida tuz g‘orlari kasallikni sezilarli darajada yengillashtiradi.

Tuz xonasi, ayniqsa, bolalar organizmi uchun foydali. Shu bois shifokorlar kasallikning og‘ir shakllari va mavsumiy turlaridan xalos bo‘lish uchun olti oyda kamida bir marta galoterapiya kursini tavsiya qiladi.

Qolaversa, ushbu davolash usuli uzoq davom etadigan muolaja kursi asosida qabul qilinadigan allergiyaga qarshi dori vositalarining dozasini sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Muhimi, nojo‘ya taʼsirlari yo‘q, jigar, buyrak va boshqa ichki organlarga ziyon yetkazmaydi.

Tuz ionlari ekzema, dermatit, qichishish va teri toshmasi muolajasida ham qo‘l kelishi isbotlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты