Huawei 1
Namangan va Surxondaryoda moliyaviy piramida targ‘ibotiga yo‘l qo‘ygan maktab direktori va bog‘cha mudirasi ishdan bo‘shatildi

O‘zbekistonda ayrim maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida xayriya tadbirlari bahonasida media kompaniyaning targ‘iboti o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bolalardan tijoriy maqsadda foydalanishga oid bo‘lgan ushbu holatlar Bolalar ombudsmani va MMTV tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, holatlardan biri Chust tumanidagi 69-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida sodir bo‘lgan. Namangan viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan taʼlim maqsadlariga zid ravishda maktabda taʼlim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlar tashkil etganligi uchun maktab direktori J.T. ga intizomiy chora qo‘llanilib, u lavozimidan ozod etildi. 

Shuningdek, yana bir holat Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 11-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida ham sodir bo‘lgan. Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan bunga yo‘l qo‘ygan maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi (v.v.b.) A.Z. ga ham tegishli intizomiy chora ko‘rilib, u vazifasidan ozod etildi. 

“O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 32-moddasida davlat bolaning iqtisodiy ekspluatatsiyadan hamda uning sog‘lig‘i uchun xavf-xatar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoki taʼlim olishiga to‘sqinlik qiladigan yoxud sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy, maʼnaviy, axloqiy va ijtimoiy rivojlanishiga zarar keltiradigan har qanday ishlardan himoya qilinish huquqini eʼtirof etadi, deb belgilangan.

Maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida turli media tijorat kompaniyalari targ‘ibotining o‘tkazilishi taʼlim muassasalarining maqsad va vazifalariga nomuvofiq bo‘lishi bilan birgalikda, qonunchilik talablariga ham ziddir”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, taʼlim bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tashviqot tadbirlariga bolalarni jalb etilishiga nisbatan qatʼiy murosasiz bo‘lish va bunday nomaqbul holatlarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rish shartligi yuzasidan Bolalar ombudsmani MMTVga tegishli xulosa kiritdi. 

Hozirda MMTV rahbariyati tomonidan taʼlim muassasalarida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish yuzasidan respublikaning barcha hududiy maktabgacha va maktab taʼlim boshqarmalariga tegishli topshiriqlar berilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92601 | Инструменты