Navoiy viloyatida ichida 47 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus YTHga uchragani aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu xabar yuzasidan Navoiy viloyati IIB Matbuot xizmati izoh berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 5 yanvar kuni soat 7:40 atrofida Tomdi tumani “Tomdibuloq” OFY hududidan o‘tgan A-379 “Navoiy-Uchquduq” xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘lining 167-168 km.lari oralig‘ida yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra salonida 47 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan ZHONG TONG BUS rusumli avtobusni “Zarafshon-Navoiy” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib borayotgan 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.X. rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib ag‘darilib, YTH sodir etgan.
Hodisa oqibatida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaro olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan. Turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olgan 9 nafar fuqarolar tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
Hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila aʼzolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida Navoiy viloyati IIB tomonidan voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10707 | Инструменты