Huawei 1
Nega shakardan voz kechish kerak?

Shakar – organizm uchun energiya manbai bo‘lishiga qaramay, uni meʼyordan ortiq isteʼmol qilish salomatlikka jiddiy zarar yetkazadi. U nafaqat jismoniy sog‘lik, balki insonning umumiy hayot sifatiga ham salbiy taʼsir etishi mumkin.

Shu bois, JSST tavsiyasiga ko‘ra, shakarning kunlik meʼyorini 25-30 grammdan oshirmaslik (shirinlik va boshqa ozuqa mahsulotlari tarkibidagi ham hisobga olingan) lozim.

Quyida uning salomatlikka xavflari xususida aytib o‘tamiz.

1. Ortiqcha vazn va semizlik

Shakar kaloriyaga boy, lekin unda ozuqa moddalari kam. U ko‘p isteʼmol qilinganda kerakli energiyadan ziyod kaloriya hosil qiladi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan ortiqcha vazn, qandli diabet, yurak-qon tomir va boshqa jiddiy xastaliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

2. Qonda qand miqdorining ortishi

Ushbu mahsulotni ko‘p isteʼmol qilish qonda qand miqdorini oshiradi. Oqibatda organizmda insulin gormoni faol ishlab chiqariladi. Agar qonda shakar darajasi tez-tez va keskin o‘zgarib tursa, insulinga nisbatan sezuvchanlik kamayib, 2-tur diabet rivojlanish xavfi ortadi.

3. Yurak-qon tomir tizimiga taʼsiri

Shakar meʼyordan ziyod isteʼmol qilinganda triglitseridlar darajasi oshadi. Bu holat ateroskleroz, yurak xurujlari va insult xavfini paydo qilishi mumkin.

4. Tishlar salomatligi

Shakar – kariyes va boshqa tish kasalliklarining eng asosiy sabablaridan biri. U og‘izdagi bakteriyalar tomonidan fermentatsiya qilinishi tufayli kislotalar hosil bo‘ladi. Ular esa tishlar emalining yemirilishiga olib keladi.

5. Teri salomatligiga taʼsiri

Ortiqcha shakar isteʼmoli terida turli muammolarni paydo qiladi. Bu, asosan, uning qondagi insulin darajasini oshirishi va organizmda yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytirishi bilan bog‘liq.

6. Ruhiy salomatlik

Ushbu mahsulot tananing energiya darajasini keskin o‘zgartirib yuboradi. Shakar isteʼmol qilinganidan so‘ng paydo bo‘lgan energiya ko‘tarilishi keyinchalik keskin tushib ketadi. Oqibatda odamda charchoq, kayfiyatning o‘zgarishi va stress darajasining oshishi kuzatiladi.

Shu bois uning isteʼmolini nazorat qilish juda muhim. Balanslangan parhez va shakar miqdorini kamaytirish orqali nafaqat salomatlikni yaxshilash, balki energiya darajasini ham saqlash mumkin.

Agar siz uni cheklasangiz, birinchi kundanoq, ovqat hazm qilish va ichak faoliyati yaxshilanadi. Asab tizimi barqarorlashadi.

Bir haftadan so‘ng terining holati tiniqlashadi, uyqu bilan bog‘liq muammolar asta-sekin ortda qoladi. Qonda qand miqdori meʼyorlashib, metabolizm yaxshilanadi. Xotiraning jamlash xususiyati kuchayadi. Agar shu vaqt ichida tana shakar talab qilsa, turli mevalar, asal isteʼmol qilish mumkin.

Shakardan voz kechilgandan bir oy o‘tib, tana ortiqcha vazndan xalos bo‘ladi. Unga tobelik sezilarli darajada kamayadi. Organizmda gormonlar miqdori barqarorlashib, immunitet yaxshilanadi. Tanada yallig‘lanishlar pasayib, husnbuzarlar yo‘qoladi. Yuqori qon bosimi meʼyorlashadi. 

Bir yildan keyin esa qandli diabet, Alsgeymer kasalligi, semirish, yurak yetishmovchiligi, xotira va nutq buzilishi hamda o‘lim xavfi sezilarli darajada kamayadi. Inson o‘rganib qolish hissidan butkul xalos bo‘lib, tarkibida shakar bo‘lgan har qanday yeguliklar o‘z-o‘zidan rad etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91614 | Инструменты