Hukumat qarori (405-son, 01.07.2025 y.) bilan “Nogironligi bo'lgan shaxslar bandligini ta'minlashga ko'maklashish, ularning bandligini ta'minlash hamda mehnat qilishini qo'llab-quvvatlashni rag'batlantirish tartibi to'g'risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom nogironligi bo'lgan shaxslar bandligini ta'minlagan tadbirkorlar hamda xususiy bandlik agentliklariga quyidagi qo'llab quvvatlash choralarini taqdim etish tartibini belgilaydi:
- bandlikka ko'maklashish subsidiyasi;
- ish o'rinlariga moslashtirish subsidiyasi.
Nizomga ko'ra, "Nogironligi bo'lgan shaxslar bandligiga ko'maklashish elektron reestri" axborot moduli yuritiladi.
Bandlikka ko'maklashish subsidiyasi quyidagi talablarga javob beradigan tadbirkorlarga ajratiladi:
- elektron reestrda turgan I va (yoki) II guruh nogironligi bo'lgan shaxsni kamida 3 oy davomida uzluksiz rasmiy bandligini ta'minlagan;
- mazkur davrda unga har oyda mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo'lmagan miqdorda ish haqi to'lagan.
Ish o'rinlariga moslashtirish subsidiyasi bandligi ta'minlangan I va (yoki) II guruh nogironligi bo'lgan shaxslar uchun surdotarjimon, psixolog yoki hamrohlik xizmatini tashkil qilgan tadbirkorlarga 50 mln so'mgacha miqdorda ajratiladi.
Subsidiyaning har oylik miqdori quyidagicha:
- surdotarjimon xizmati uchun BHMning 8 baravari;
- hamrohlik xizmati uchun BHMning 5 baravari.
Tadbirkorlar ushbu subsidiyalarni olish uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizim yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali elektron so'rovnomani to'ldirish orqali murojaat qiladi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash tartibi belgilangani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82610 | Инструменты