Ommaviy zaharlanishi yuz bergan Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda 28-sentyabr soat 10:00 holatiga ko‘ra, 182 nafar bola davolanmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov maʼlum qildi.
Shtab faoliyatida ishtirok etayotgan maxsus komissiya vakillarining xulosasiga ko‘ra, bemorlarning barchasiga o‘tkir gastroyenterit tashxisi qo‘yilgan.
«Hozirgi paytda shifoxonalarda 182 nafar bolaning davolanishi davom etyapti. Ularning barchasining ahvoli yengillashgan. Avvallari o‘rtacha og‘irlikda deb baholangan bolalarning holati ham yaxshilangan, birorta ham og‘ir bemorlar yo‘q», — dedi Nurmat Otabekov.
«Eng asosiysi, barcha bolalarning davolanish jarayoni davlat nazoratida. Bolalarning sog‘ayishi dinamikasi ijobiy tendensiya bilan davom etyapti», — deya qo‘shimcha qildi u.
Mutaxassisning aytishicha, bu kasallik aksariyat hollarda ikki-uch kun davom etadigan va to‘g‘ri davolash muolajalari amalga oshirilsa, tezda davolanib ketadigan kasalliklar toifasiga kiradi. Shu munosabat bilan bemorlar tez kunlarda sog‘ayib, uylariga qaytyaptilar va bu ijobiy dinamika davom etyapti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92911 | Инструменты