2021 yildan buyon suv xo‘jaligi vaziri maslahatchisi, davlat va jamoat arbobi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov vafot etdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U uzoq yillar davomida respublika melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari, Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi, fuqarolar muhofazasi ishlari bo‘yicha vazir, Prezidentning ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi kabi lavozimlarda ishlagan.
Jo‘rabekov mustaqillik yillarida qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, prezidentning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» va «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvonlari hamda «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92912 | Инструменты