Huawei 1
O‘qishga kirish uchun minimal o‘tish ballari ko‘tariladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini shakllantirish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori o‘rinbosari Farxod Mirzayev hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Davlat buyurtmasi (grant kvotalar)ni shakllantirish bo‘yicha:

- davlat buyurtmasi parametrlarini amaldagi oliygohlar kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida tasdiqlash tartibi joriy etiladi;
- ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarga davlat buyurtmasi qisqartirilib, ushbu kvotalarni ustuvor ravishda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalari orasida taqsimlanadi;
- 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash va ularga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi (amalda 1 yil);
- oliygohlar moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, keyingi o‘quv yili uchun umumiy qabul parametrlarini (grant va kontraktga ajratmagan holda) bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha shakllantiradi;
- davlat buyurtmasi asosida grant o‘rinlari har bir yo‘nalish uchun respublika bo‘yicha to‘plangan ballar ketma-ketligiga ko‘ra abituriyentlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi.

Taqdimotda shuningdek, oliygohlarga o‘qishga qabul qilish jarayonlari bo‘yicha quyidagilar taklif qilindi:

- o‘qishga kirish uchun minimal o‘tish bali 2 bosqichda oshirilib, sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun – 94,5 ball, boshqa yo‘nalishlar uchun – 75,6 ball etib belgilanadi (amalda barcha yo‘nalishlar uchun – 56,7 ball);
- davlat granti talabalar uchun ta’lim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant shaklida ajratiladi. 

Bunda:

- ta’lim granti – talabalarga bir o‘quv yili uchun ajratiladi hamda 1-kursda o‘qishga kirish natijalari bo‘yicha, 2-kursdan boshlab reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi;
- ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant – maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun o‘qish davri uchun beriladi;
- ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tugatgandan so‘ng 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi;
- sirtqi ta’lim shakli uchun kvotalarni kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.

Qayd etilganidek, sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan ta’lim shakli joriy etish orqali tugatiladi.

Anjumanda shuningdek, oliygoh hamda kollej va texnikumlarga qabul qilish imtihonlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida o‘tkazilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Bunda:

- abituriyentlar testni 1 marotaba topshiradi va to‘plagan bali bilan dastlab oliygohga, bali oliygohga yetmagan taqdirda, professional ta’lim tashkilotiga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;
- oliygohlarga qabul jarayoni 2 bosqichda:
1-bosqich ro‘yxatdan o‘tish va test fanlarini tanlash;
2-bosqich oliygoh – test natijasi e’lon qilingandan so‘ng ta’lim yo‘nalishi va shaklini tanlash orqali amalga oshiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga