Huawei 1
O‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda

Respublikada yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, bu boradagi talablarga to‘la rioya qilinmayapti. Shu bois yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish ehtiyoji yuzaga kelmoqda.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan "Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  

— Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in-qutqaruv tuzilmalari tomonidan 2022 yil davomida 3 ming 994 nafar fuqaro favqulodda vaziyatlar va yong‘inlardan qutqarilib, hayoti saqlab qolinishiga erishilgan, — dedi favqulodda vaziyatlar vaziri birinchi o‘rinbosari Sanjar Zuparov. — Shu bilan birga, yong‘inlar profilaktikasi sohasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, o‘rmon zonalarida, aholining maishiy hayotida va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida, yong‘inlar bilan bog‘liq noxush hodisalar ro‘y bermoqda. Qayd etish kerakki, o‘rmon yong‘inlari jahon miqyosida o‘rmon ekotizimlariga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yer yuzida mavjud o‘rmon maydonlarining deyarli uchdan bir qismi har yili olov bilan qoplanadi. Daraxtlar yonib, atmosfera havosi zaharli tutundan ifloslanib bormoqda, shuningdek, o‘simlik va hayvonot dunyosiga jiddiy talafot yetkazilib, ularning noyob va nodir turlari yanada kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.  

O‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish uchun amalda ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, ammo o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish orqali yong‘in chiqishiga olib kelganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmagan. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish orqali yong‘in chiqishiga olib kelganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.  

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga tegishli ob’ektlarda ro‘y bergan yong‘inlar sonining o‘sgani yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikning mavjud tizimi yetarli darajada samarali emasligini, uni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ko‘rsatmoqda.  

Yana bir masala — ayni vaqtda shaxslarning ehtiyotsizligi yoki yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani tufayli uy-joy fondida faqat ularning uy-joyi va boshqa mol-mulkiga zarar yetkazgan yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda ularni javobgarlikka tortish amaliyoti mavjud. 

Ammo, bunday insonlar o‘zi moddiy va ma’naviy yordamga muhtojdir. Ularni ma’muriy javobgarlikka tortish qonunchiligimizdagi insonparvarlik va odillik prinsiplariga zid bo‘lib, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shu bois ushbu qonun loyihasi bilan fuqarolarning ehtiyotsizligi yoki yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlar sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda bunday shaxslarni javobgarlikdan ozod qilish nazarda tutilmoqda, — dedi ma’ruzachi.  

Deputatlar qonun loyihasi dolzarb ekanini qayd etib, uni birinchi o‘qishda qabul qildi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42003 | Инструменты