O‘RVI. Bemor bolalarga qanday holatda isitma tushiruvchi dorilar berish lozim?
Kuz fasli kelishi bilan bolalar orasida nafas yo‘llarining turli yuqumli xastaliklari, ayniqsa, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar ko‘p uchraydi. Bu esa ota-onalardan farzandlari salomatligiga yanada e’tiborli bo‘lishni talab etadi.
O‘RVI — eng ko‘p tarqalgan nafas olish kasalliklari guruhi. Bugungacha ushbu infeksiyani chaqiruvchi viruslarning 200 dan ziyod turi aniqlangan. Bu guruhga virusli — gripp, paragripp, adenovirus, rotavirus, enterovirus, shuningdek, bakterial — pnevmokokk, meningokokk, stafilokokk kabilar kiradi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Abdumannop Abduqayumov.
Ta'kidlanishicha, ushbu kasallik havo-tomchi orqali yuqib, nafas yo‘llarining turli qismlari yallig‘lanishi va intoksikatsiya sindromi bilan kechadi. O‘RVI bolalarda yuqumli kasalliklar umumiy ko‘rsatkichining 90 foizini tashkil etib, ularning barchasi mavsumiy xarakterga ega. Ya’ni, bu infeksiyalar aynan kuz-qish mavsumida ko‘p uchraydi.
Sababi bu paytda 3 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarda immun tizimi sustlashib, zaiflashgan yosh organizm viruslarga qarshi himoyasiz bo‘lib qoladi.
Qolaversa, aksariyat ota-onalar farzandi bemor bo‘la turib, ularni maktabgacha ta’lim muassasasi va maktabga yuborishga qarshilik qilmaydi. Natijada bir-birlari bilan yaqin muloqotda bo‘lgan bolalar orasida kasallikning keng tarqalishiga imkon yaratiladi. Shu sababli virusga chalingan o‘g‘il-qizlarni alohidalash va uni yakka tartibda davolash lozim.
O‘RVI'nining belgilari
Kasallik paytida asosan aksirish, bosh og‘rig‘i, isitma, yo‘tal, burun oqishi va bitishi kabi kataral belgilar kuzatiladi. Shuningdek, katta bolalar tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilsa, kichik yoshdagilar tomoq qizarishi oqibatida ovqat yeyishga qiynaladi. Qolaversa, ovoz bo‘g‘ilishi, yo‘tal, mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riqlar paydo bo‘lishi, ishtaha pasayishi, harorat oshganda esa qayt qilish kuzatilishi mumkin.
Albatta, bu belgilar qayd etilganda, ota-onalar farzandi salomatligiga yanada e’tiborli bo‘lishlari zarur. Biroq xavotirga tushish kerak emas. Afsuski, ko‘pchilik farzandida O‘RVI sababli biroz isitma ko‘tarilsa, tez sarosimaga tushib qoladi. Shoshmasharlik esa ko‘pincha noto‘g‘ri xatti-harakatlarlarga olib keladi.
Shu bois, agar bolaning tana harorati ko‘tarilib, unda tumov belgilari kuzatila boshlasa, eng avvalo, oilaviy shifokor ko‘rigidan o‘tish lozim. O‘zboshimchalik bilan bolaga antibiotiklar berish aslo mumkin emas. Sababi O‘RVI hamda grippda antibiotiklar yordam bermaydi. Aksincha, juda og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.
Qolaversa, xastalik yengil bosqichda o‘tayotgan bo‘lsa, bolani stasionar sharoitda davolash shart emas. Chunki bu xastalikni aksariyat hollarda uy sharoitida muolaja qilish mumkin. Buning ustiga, stasionar sharoitda davolanish bemorning ikkilamchi infeksiyalarni yuqtirib olishiga zamin yaratadi.
1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda tana harorati 38-38.2 va 1 yoshdan oshgan bolalarda 38.5 darajagacha ko‘tarilmagunicha hech qanday isitma tushiruvchi dori vositalari berish tavsiya etilmaydi. Aksincha, isitma payti organizmdan katta miqdorda ter ajralib, tana suyuqlik yo‘qotishi bois, bemorga tez-tez iliq suv yoki boshqa suyuqliklar (mevali sharbatlar, turli choylar) berish lozim. Shuningdek, bolani yengil va yumshoq pishgan taomlar bilan tez-tez va kam-kamdan ovqatlantirish, burun va tomoqni fiziologik eritma bilan chaydirib turish kerak.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60910 | Инструменты