Organizmning suvsizlanishi bolalarda surunkali buyrak yetishmovchiligiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Shahlo Isamuhammedova ma'lum qildi.
— O‘tkir diareya, ya’ni ich ketishi kichik yoshdagi bolalarda ko‘p uchraydi va ular salomatligi uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, kamqonlik, raxit, yod tanqisligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarda xastalikka moyillik ko‘proq kuzatiladi.
Kasallik bemor holati va organizmga tushgan mikrob yoki virus xususiyatiga qarab yengil, o‘rtacha yoki og‘ir, ba’zan tipik bo‘lmagan shaklda o‘tishi mumkin.
Bolalarda og‘ir kechishi suvsizlanish bilan bog‘liq bo‘lib, agar bola qusayotgan, ichi 5-8 marotabadan ko‘p kelayotgan va tana harorati 38 dan yuqori 39 gacha ko‘tarilayotgan bo‘lsa, bu holat unda juda tez suvsizlanishga olib keladi. O‘z vaqtida uning o‘rni qoplanmasa, falajlik, infeksion-toksik shok, neyrotoksikoz, ichaklar buralib qolishi, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, o‘pka va miya shishi, hatto, o‘lim holatiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bu kasallik, ayniqsa, go‘daklar va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun juda xavfli. Ammo uni davolash va oldini olish mumkin. Shu bois bolalarda o‘tkir diareya kuzatilsa, tezroq shifokor qat’iy nazorati ostida tanada yo‘qotilgan suv o‘rni o‘z vaqtida qoplansa, organizm yana normal holatiga qaytadi.
JSST bolalarda diareyaning xavflilik darajasini bilish uchun to‘rt narsaga e’tibor qaratish zarur deya tavsiya beradi. Ya’ni, bolaning holsizlanib qolishi, ko‘z atrofi va qovoqlarning osilishi hamda ko‘karishi, qorin sohasida teri chimchilansa, tezda asl holiga qaytmasligi, suv ichishni keskin rad etishi. Ana shunday holatlar diareyaning og‘ir darajasidan dalolat. Bunday vaziyatda zudlik bilan “Tez yordam” chaqirib, bolani shifoxonaga yetkazish lozim.
Yodda tuting! Ichburug‘ni davolashda o‘zboshimchalik bilan antibiotiklarni qo‘llash aslo mumkin emas. Chunki bu holat vaziyatni yanada og‘irlashtirishi va o‘tkir diareyaga disbakterioz xastaligi ham qo‘shilishi mumkin.
Shunday ekan, ota-onalar yoz mavsumida bolalarining ovqatlanish rasioni, ular iste’mol qilayotgan mahsulotlar sifati, yaroqliligi, xavfli bakteriya va viruslardan xoliligiga hamda farzandlari ozodaliligiga nihoyatda e’tiborli bo‘lishlari kerak.
Buning uchun qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish, qaynatilgan suv ichish, sabzavot va mevalar, rezavorlarni ishlatishdan oldin qaynatilgan suvda yaxshilab chayish, issiq ovqat tayyorlashda gigiyena qoidalariga rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, tez buziladigan yeguliklarning yaroqlilik muddati va saqlash shartlari, xomashyo hamda pishirilgan taomlarni alohida saqlash lozim.
Shuningdek, go‘sht, tuxum va dengiz mahsulotlarini yaxshilab qovurish yoki qaynatish, tez buziladigan yeguliklar va tayyor taomlarni muzlatgichda saqlash, yangi pishirilgan ovqatni oldingi kun qoldiqlari bilan aralashtirmaslik zarur. Agar pishirilgan taom yana bir kun qolsa, uni iste’mol qilishdan avval issiqlik bilan ishlov berish (qaynatish yoki qovurish) kerak.
Bundan tashqari, chivin va suvaraklarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, uyda doimo tozalikni saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, pishirish uchun faqat yangi mahsulotlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122323 | Инструменты