20-sentabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “e-auksion” elektron savdo platformasi orqali Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 41 hamda 42-uy manzilida joylashgan mulkiy majmualar (7014597-lot raqami bilan ro‘yxatga olingan) sotuvga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumki, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan binolar (“Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi AJ binolari) Vazirlar Mahkamasining 2019-yil, 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga madaniy meros obyekti sifatida kiritilgan.
Obyekt 1979-1983 yillarda qurilgan jami 14 ta bino, 2 ta bino qismi hamda 5 ta inshootdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 60 736,0 m2 ni tashkil etadi.
“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq Davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obyektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi O‘RQ–821-son Qonunining 19-moddasi uchinchi xatboshiga asosan moddiy madaniy meros obyektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan xiyobonlar va botanika bog‘lari xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari etib e’tirof etilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu madaniy meros obyektini auksion savdolaridan olib tashlash yuzasidan 21-sentabr kuni ogohlantirish berildi.
Ushbu holat natijasi yuzasidan kelgusida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50901 | Инструменты