Saudiya Arabistonining Sahm News gazetasida "Inson salohiyati taraqqiyoti tashabbusi 2025 xalqaro forumida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi" sarlavhali maqola eʼlon qilindi.
Unda vazir Hilola Umarova boshchiligidagi O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi delegatsiyasi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida bo‘lib o‘tgan Human Capability Initiative–2025 xalqaro forumida ishtirok etgani maʼlum qilingan.
Ushbu muhim tadbir dunyoning turli burchaklaridan kelgan ishtirokchilarni taʼlim, iqtisod va texnologiya sohalaridagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ushbu muammolarga innovatsion yechimlarni topish uchun birlashtirdi. O‘zbekiston ushbu tadbirga Markaziy Osiyodan taklif etilgan yagona davlat bo‘ldi.
Forum doirasida O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida 40 million AQSH dollari miqdoridagi grant shartnomasi imzolandi.
"Mazkur loyiha O‘zbekiston bo‘ylab 58 ta yangi inklyuziv maktabni qurish, maktablarni zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash, pedagog kadrlar malakasini oshirish dasturlari, inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va maktabgacha taʼlim sifatini oshirish kabi vazifalarni qamrab oladi", – deyiladi maqolada.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50404 | Инструменты