O‘zbekistonning Qatardagi elchisi Ashraf Xo‘jayev Al Jazeera Media Institute direktori Iymon Al-Amiri bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari, respublika vazirlik va idoralari matbuot xizmatlari xodimlari, shuningdek, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalarining Al Jazeera Media Institute telekanalining o‘quv dasturlari va malaka oshirish kurslarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Al Jazeera Media Institute 2004-yilda professional jurnalistlarni tayyorlash, aloqa va raqamli media texnologiyalari sohasida keng ko‘lamli mutaxassisliklar bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish uchun mukammallik markazi sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda institut jahon miqyosidagi yetakchi ixtisoslashtirilgan markazlardan biri hisoblanadi.
Institut direktori O‘zbekistonda axborot sohasini demokratlashtirish, so‘z erkinligi va axborotdan foydalanishni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini takomillashtirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan atroflicha tanishtirilgan.
Uchrashuv yakunida Al Jazeera Media Institute delegatsiyasining O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, “Dunyo” agentligi hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonga tashrifni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60221 | Инструменты