O‘zbekiston ochiq maʼlumotlar bo‘yicha xalqaro Open Data Inventory (ODIN) reytingida 2024 yil natijalariga ko‘ra, 198 ta mamlakat orasida 83 ball bilan 12-o‘ringa ko‘tarildi hamda Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni saqlab qoldi.
Maʼlumot uchun, Open Data Inventory (ODIN) – ochiq maʼlumotlar siyosatini ilgari surish, rasmiy statistika kamchiliklarini aniqlash, milliy statistika organlari bilan maʼlumotlardan foydalanuvchilar o‘rtasida muloqotni yaxshilash va ochiqlikni baholaydi.
Mazkur reytingda O‘zbekiston 2023 yil yakuniga nisbatan (195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan dunyoda 30-o‘rinni egallagan) 18 ta pog‘onaga ko‘tarilgan. Bu natijaga quyidagilar orqali erishilgan:
Statistik maʼlumotlar qamrovini taʼminlash borasida:
– Mamlakatimizni ijtimoiy va iqtisodiy o‘sishini to‘liq baholash imkonini beruvchi muayyan turdagi statistik maʼlumotlarning hududlar, tarmoqlar va yillar kesimida eʼlon qilinishi;
– Statistik maʼlumotlarning oxirgi 5 va 10 yil uchun dinamik qatorlarda eʼlon qilish;
– Statistik maʼlumotlarni birinchi va ikkinchi yaʼni O‘zbekiston misolida viloyat va tuman darajasida eʼlon qilish.
Statistik maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash borasida:
– Statistik maʼlumotlarning metamaʼlumotlar bilan birga elon qilinishi;
– Statistik maʼlumotlarni foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda eʼlon qilish;
– Statistik maʼlumotlarni yuklab olish imkoniyatlarini kengaytirish.
Foydalanuvchilarning yuqoridagi talab va istaklarini bajarish, ularga qulay imkoniyatlar yaratish uchun Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan “Statistika” integrallashgan axborot tizimi (SIAT) portali ishga tushirildi.
Bugungi kunda SIAT axborot tizimida jami 2 900 dan ortiq rasmiy statistik ko‘rsatkichlar 3 ta tilda foydalanuvchilarga qulay va bepul shaklda yuklab olish uchun 5 xil formatda metamaʼlumotlar bilan eʼlon qilib borilmoqda.
Mazkur portalning ishga tushirilishi va uning imkoniyatlari Open Data Watch tashkiloti ekspertlari tomonidan ijobiy baholangan hamda Open Data Inventory reytingida O‘zbekistonning ijobiy natija qayd etishiga muhim omil bo‘lgan.
O‘zbekiston Open Data Inventory (ODIN) reytingida:
– 2017 yilda 180 ta mamlakat orasida 18 ball bilan 167-o‘rinni;
– 2018 yilda 178 ta mamlakat orasida 19 ball bilan 168-o‘rinni;
– 2020 yilda 187 ta mamlakat orasida 63 ball bilan 44-o‘rinni;
– 2022 yilda 192 ta mamlakat orasida 66 ball bilan 40-o‘rinni;
– 2023 yilda 195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan 30-o‘rinni egallagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50308 | Инструменты