2025-yil 1-3-may kunlari Toshkentda mahalliy aholi va sayyohlar e’tiborini tortgan eng yirik gullar festivali – “Flower Fest 2025” o‘tkazilmoqda.
Tadbir shaharning markaziy nuqtalaridan biri bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi kutubxona oldidagi maydonda bo‘lib o‘tmoqda va barcha mehmonlar uchun mazmunli dasturni taqdim etmoqda.
Festival 2,5 milliondan ortiq gullar va butalardan yaratilgan manzarali landshaftlar, shuningdek, rang-barang installyatsiyalar, jumladan, gul tunnellari, osma kompozitsiyalar va suratga tushish zonalari bilan hayratga solmoqda. Ayniqsa, ulkan kapalak, rang-barang tovus, mini-avtomobillar, gullar bilan bezatilgan 18 metr uzunlikdagi samolyot kabi yirik elementlar e’tiborni tortadi. Maydon markazida "Mustaqillik monumenti" ko‘rinishidagi kompozitsiya joylashgan. Bundan tashqari, kutubxonaning fasadida muhitga yorqinlik baxsh etuvchi ulkan bannerlar ilingan.
Festivalda taniqli san’atkorlar ishtirokidagi gala-konsert, folklor jamoalarining chiqishlari, dorbozlarning mahorat ko‘rsatishlari va boshqa milliy o‘yinlar kabi turli xil madaniy dasturlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, maydonda hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, savdo shoxobchalari va ko‘chma oshxonalar faoliyat yuritib, bayramona ruh va mehmonlarga qulaylik yaratmoqda.
Festivalning asosiy maqsadi Toshkentning turistik va madaniy salohiyatini namoyish etish, bahoriy kayfiyat uyg‘otish va uning sayyohlik jozibadorligini oshirishdan iborat. Ushbu tadbir nafaqat poytaxtni bezaydi, balki madaniy aloqalar va turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, chet ellik mehmonlarning e’tiborini jalb qiladi va Toshkentni yorqin hamda mehmondo‘st shahar sifatida namoyon etadi.
Festival 1-3-may kunlari har kuni soat 10:00 dan 22:00 gacha davom etadi. Kirish bepul.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50306 | Инструменты