O‘zbekiston "Tinchliksevarlik global indeksi"da 7 pog‘onaga yuqorilab, 163 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi
Iqtisodiyot va tinchlik instituti 2022-yilgi “Tinchliksevarlik global indeksi”ni e’lon qildi. Unda O‘zbekiston 7 pog‘onaga yuqorilab, 163 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston "Rossiya va Yevroosiyo" guruhida eng katta yaxshilanishni ko‘rsatdi – 1,5 foiz.
Qo‘shni mamlakatlar orasida Qozog‘iston 97-o‘rinda (-29), Qirg‘iziston 91-o‘rinda (-21), Tojikiston 92-o‘rinda (+6), Turkmaniston 104-o‘rinda (+5) joylashgan.
Eng tinchliksevar davlatlar deb Islandiya, Yangi Zelandiya va Irlandiya topildi. Indeksi eng past bo‘lib turgan mamlakatlar: Afg‘oniston, Yaman, Suriya, Rossiya va Janubiy Sudan.
Bundan tashqari ro‘yxatda Xitoy 89-o‘rinda, AQSh 129-o‘rinda, Hindiston 135-o‘rinda, Turkiya 145-o‘rinda hamda Ukraina 153-o'rinda qayd etilgan.


Eslatib o'tamiz, O'zbekiston 2021-yilgi “Tinchliksevarlik global indeksi”da 13 pog‘onaga yuqorilab, 163 mamlakat ichida 90-o‘rinni egallagandi.
Ma'lumot uchun, «Tinchliksevarlik global indeksi» (GPI) Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan tuzib kelinadi. GPI dunyo aholisining 99,7 foizini tashkil etuvchi 163 mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, o‘ta obro‘li manbalardan olingan 23 ta sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlardan foydalanadi. Indeks asosan uch toifaga quriladi: «Davom etayotgan ichki va xalqaro mojarolar», «Muhofaza va xavfsizlik» hamda «Harbiylashish».
Indikatorlar, xususan, jamiyatning jinoyatlarga munosabati, har 100 ming aholiga to‘g‘ri keluvchi qotilliklar va mahkumlar soni, quroldan foydalanish imkoniyati, har 100 ming aholiga to‘g‘ri keluvchi politsiya va xavfsizlik xizmati xodimlari soni, qurolli nizolardagi ishtiroklar va qurbonlar soni, harbiy xarajatlar, siyosiy barqarorlik, ichki nizolarning davomiyligi va hokazolarni o‘z ichiga oladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32704 | Инструменты