Oʻzbekistonda joriy yilning 9 oyida 420 mingdan ortiq shaxs ma’muriy jazoga tortildi. Ularning 77 mingdan ziyodiga ma’muriy qamoq, 340 mingdan ortigʻiga esa jarima jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida jinoyat ishlari boʻyicha tuman va shahar sudlarining tergov sudyalari tomonidan 662 237 nafar shaxsga nisbatan 549 231 ta ma’muriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilgan.
Koʻrib chiqilgan ishlar natijasida jami 420 245 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qoʻllanilgan. Shundan 340 986 nafari jarimaga tortilgan, 77 309 nafariga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ma’muriy huquqbuzarliklar bilan bogʻliq ishlarning salmoqli qismi Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlarida koʻrilgan. Shuningdek, 71 450 nafar shaxs yarashilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan.
Qayd etilishicha, koʻrib chiqilgan ishlarning aksariyati quyidagi huquqbuzarliklar bilan bogʻliq:
- mayda bezorilik;
- ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik;
- litsenziyasiz yoʻlovchi tashish;
- sovuq qurol yoki undan foydalanish mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurish;
- haqorat qilish;
- elektr, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish;
- savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish;
- yoʻl harakati qoidalarini buzish oqibatida yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazish;
- jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish;
- transport vositasini mast holda boshqarish.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 11 006 ta taqdimnoma chiqarilib, tegishli tashkilotlarga yuborilgan.
Shuningdek, apellyatsiya tartibida 7 656 nafar shaxsga nisbatan 6 804 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishi koʻrib chiqilgan. Natijada 1 496 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan birinchi instansiya sudlari qarorlari bekor qilinib, 2 495 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar oʻzgartirilgan.
Kassatsiya tartibida esa 10 656 nafar shaxsga nisbatan 10 152 ta ish koʻrib chiqilgan. Bunda 4 379 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinib, 2 347 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar oʻzgartirilgan.
Bundan tashqari, Oliy sud Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 955 nafar shaxsga nisbatan 918 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishi koʻrib chiqilgan. Natijada quyi sudlar tomonidan 187 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 232 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar oʻzgartirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111213 | Инструменты