So‘ngi vaqtlarda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlarning mediamarkazlari tomonidan tayyorlangan ekstremistik va terroristik mazmundagi targ‘ibot materiallari internet tarmoqlarida keng tarqatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, nafaqat O'zbekistonda, balki jahon hamjamiyatida bu kabi ma’lumotlarni aholi orasida tarqalishini oldini olishga, ularni ijtimoiy tarmoqlarda aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq qilish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.
Misol uchun, o‘tgan davrlar mobaynida AQSHda 68 ta, Rossiya Federasiyasida 47 ta, Buyuk Britaniya 78 ta va Turkiyada 15 ta ekstremistik va terroristik tashkilotlarning faoliyati taqiqlangan, shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasida 5342 ta, Qozog‘istonda 1133 ta, Qirg‘iz Respublikasida 167 ta va Tojikistonda 2417 ta radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.
O‘zbekistonda ham ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet saytlari, kanallar, profillarni aniqlash va ularni faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan mexanizm asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur mexanizmga asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi bilan hamkorlikda internet tarmog‘idagi radikal diniy mazmundagi kontentlar aniqlanib, Oliy sud qarori bilan ular ekstremistik va terroristik materiallar deb topiladi. Ushbu tartibga asosan, Oliy sudning 60 ga yaqin qarori chiqarilib, ularga muvofiq 500 dan ortiq kontent radikal mazmunda deb topilgan hamda ularni O‘zbekistonda tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.
Xususan, 2023-yil 17-may holatiga ko‘ra Oliy sud tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxati ma'lum qilindi.Prezidentning “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Adliya vazirligi va Oliy sud o‘zining rasmiy veb-saytlari va boshqa OAV orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar ro‘yxatini e’lon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlashi belgilangan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 14-apreldagi 180-son qaroriga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasi o‘tkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularni O‘zbekistonda tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos hisoblanishi qayd etilgan.
Mazkur qarorga asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita muayyan bir shaxsga yoki uning xatti-harakatlari yuzasidan ekspertlik xulosasini bermaydi. Qo‘mita huquq-tartibot organlari taqdim etgan diniy mazmundagi materiallarning mazmuni yuzasidan davlat dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazadi hamda ular bo‘yicha ekspertlik xulosasini O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq tayyorlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62709 | Инструменты