"Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni takdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida 1-noyabrga qadar “Uzenergo” mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Huqubuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi va ularga murojaati natijalari yuzasidan ma’lumotlar yuboriladi.
Elektr, issiqlik va gazdan foydalanish qoidabuzarliklari haqida xabar berganlarga quyidagicha miqdorda pul mukofoti beriladi:
- elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash holatlari aniqlanganda — undirilgan jarimaning 10 foizi;
- umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish, plombalariga qasddan shikast yetkazish aniqlanganda — jarimaning 7 foizi;
- o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan binolarni elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik ulash holatlari aniqlanganda — jarimaning 2 foizi;
- elektr tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish holatlari aniqlanganda — jarimaning 20 foizi;
- gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlanganda — jarimaning 20 foizi;
- elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq boshqa ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha — huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan BHMning 30 foizi miqdorida.
Jismoniy shaxslarning videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha huquqbuzarlardan undirilgan jarimalar quyidagilarga yo‘naltiriladi:
- “O‘zenergoinspeksiya” hisobvarag‘iga — undirilgan summaning 50 foizi;
- Tegishliligi bo‘yicha elektr va issiqlik energiyasi hamda tabiiy gaz ta’minoti korxonalari hisobvaraqlariga — undirilgan summaning 50 foizi.
Shuningdek, 2023-yil 1-dekabrga qadar huquqbuzarlik holatlari, shu jumladan, tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini muntazam ravishda qasddan buzgan iste’molchilarning yagona elektron reyestri joriy etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112300 | Инструменты