Huawei 1
Oʻzbekistonda Finlyandiya taʼlim modeliga asoslangan nodavlat universitet ish boshladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirishda Finlyandiya taʼlim tizimini oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha belgilab bergan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida ushbu mamlakat taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston delegatsiyasining 2021-yilning noyabr oyida Finlyandiyaga qilgan tashrifi davomida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari bilan Finlyandiyaning yetakchi universitetlari oʻrtasida oʻzaro akademik mobillikni kuchaytirish va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olingandi.

Shundan soʻng, ikki davlat vakillari hamkorligining amaliy natijalaridan biri sifatida Toshkent shahrida “Xalqaro Nordik Universiteti” (“Nordic International University”) nodavlat taʼlim tashkiloti ish boshladi.

Mazkur universitetga yurtimizda nodavlat oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan litsenziya berildi.

Finlyandiyaning Kareliya amaliy fanlar universiteti, “Helsingin Suomalainen Yhteiskoulu (SYK)” umumtaʼlim maktabi, “NOKIA” transmilliy korporatsiyasi, “Finnish Water Forum” va “ISKU” kompaniyasi ushbu universitet bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishgan.

Finlyandiya taʼlim modeliga asoslangan mazkur universitet 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlashni boshlamoqda:

Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar boʻyicha),

Moliya va moliyaviy texnologiyalar,

TU BA (Hons) Xalqaro biznes,

BU BSc (Hons) Sanoat menejmenti,

Boshlangʻich taʼlim,

Maktabgacha taʼlim,

Xorijiy til va adabiyoti (tillar boʻyicha),

Kompyuter injiniringi (“Kompyuter injiniringi”, “AT-servis”, “Axborot xavfsizligi”, “Multimedia texnologiyalari”).

Taʼlim jarayoni Finlyandiyaning Kareliya amaliy fanlar universiteti bilan tuzilgan 2+2 va 3+1 dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Xalqaro Nordik universiteti talabalarga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etishni rejalashtirmoqda:

– Barcha kurslar boʻyicha taʼlim yoʻnalishidan qatʼiy nazar Shimoliy Yevropa mamlakatlari, xususan Finlyandiyada yozgi amaliyot, WORK AND TRAVEL dasturlari;

– Finlyandiyaning “NOKIA“ transmilliy korporatsiyasi, “Kareliya amaliy fanlar universiteti”, “Helsingin Suomalainen Yhteiskoulu (SYK)” umumtaʼlim maktabi, “Finnish Water Forum” va “ISKU” kompaniyalarida oʻquv amaliyotlari;

– barcha taʼlim yoʻnalishlari uchun fin oʻqituvchilari tomonidan fin tilini chuqurlashtirib oʻrgatish;

– bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli (yuqori GPA koʻrsatkichi bilan) tugatganlar uchun magistraturani Finlyandiyada imtiyoz asosida oʻqib kelish imkoniyatlari taqdim etiladi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21307 | Инструменты