Huawei 1
O‘zbekistonda fuqarolarga jinsini o‘zgartirishga ruxsat berildimi? — Adliya vazirligi tushuntirish berdi

Avvalroq, O‘zbekistonda jinsini o‘zgartirgan fuqarolarga ism-sharifini o‘zgartirishga ruxsat berilgani haqida xabar bergandik. Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki fuqarolarga jinsini o‘zgartirishga ruxsat berilgani talqinida muhokama qilinmoqda. Adliya vazirligi mazkur qonun yuzasidan tushuntirish berdi. 

Qayd etilishicha, qonunchilikka muvofiq bolaning tug‘ilishini qayd etish vaqtida uning jinsiga oid maʼlumotlar tibbiyot muassasasi tomonidan beriladigan tibbiy guvohnoma asosida yoziladi.

"Biroq har yili o‘rtacha 5-6 nafar bola jinsi noaniq holatda tug‘ilishi holati uchrab turadi, bunda dastlabki tekshiruvlar bolaning jinsini “o‘g‘il” yoki “qiz” deb ko‘rsatsa-da, keyinchalik bola 5-10 yosh, ayrim holatlarda esa 10-16 yoshdan oshganda bolaning jinsi “o‘g‘il” emas “qiz” ekanligi yoki aksincha “qiz” emas “o‘g‘il” ekanligi aniqlanmoqda. Shu kabi holatlarda tibbiyot muassasasining xulosasi bilan jinsga oid maʼlumotlarga tuzatish kiritiladi.

Maʼlumot uchun, bu kabi holatlarda jinsini tuzatish mumkinligi Oila kodeksining 229-moddasida belgilangan bo‘lib, mazkur huquqiy normalar yangi joriy etilmagan, aksincha 1998-yil 1 sentyabridan buyon amalda hisoblanadi. Bu borada qonunchilik hujjatlarida ayrim huquqiy bo‘shliqlar mavjud bo‘lgan.

Misol tariqasida, 2008 yilda tug‘ilgan bolaning jinsini aniqlash imkoni bo‘lmasdan “o‘g‘il” deb yozilgan va o‘g‘il bolaning ismi qo‘yilgan. Keyinchalik bola 16 yoshga to‘lgach tibbiy tekshiruvlarda uning jinsi “qiz” ekanligi aniqlanib, tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan jinsiga oid maʼlumotlarga tuzatish kiritilgan. Biroq ushbu xulosa asosida uning familiya, ism va ota ismini qiz bolalarga mos ravishda o‘zgartirish imkoni bo‘lmagan.

Mazkur huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 12 iyundagi 362-son qarori qabul qilinib, tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan jinsiga oid maʼlumotlar tuzatilganda bolaning familiya, ism va ota ismini jinsiga mos ravishda o‘zgartirishi belgilandi.

Ommaviy axborot vositalaridan bunday holatlarning noto‘g‘ri talqin qilinmasligini so‘rab qolamiz", - deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61700 | Инструменты