Huawei 1
O‘zbekistonda “Garvardchilar maktabi” ochiladi

Chetda o‘qiyotgan yoshlarimizning atigi 1 foizi “Top-100”dagi oliygohlarga kirgani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, “Top-10” bilan “Top-200”dagi taʼlim narxi bir biridan atigi 15-20 foizga farq qiladi.

“Yoshlarimiz juda iqtidorli. Ularni tizimli yo‘naltirib, oliygoh tanlashga ko‘maklashib, maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘ysak bo‘ldi, ko‘rsatkichlarimiz karrasiga oshadi”, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturini boshlash va “Garvardchilar maktabi”ni ochish bo‘yicha katta farmon imzolaganini aytdi.

Bu muassasa Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida tashkil etiladi. Bu yil 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, xalqaro maktabda “Top-10” oliygohlariga maqsadli tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumtaʼlim maktablariga biriktiriladi.

Milliy dastur asosida maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini tanlab olib, AQSHning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi oliygohlariga tayyorlaydi.

Joriy yilda yangi maktablar qurish uchun Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb qilindi. Buning evaziga 58 ta maktab qurilib, 72 mingta o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Bunga qo‘shimcha ravishda viloyatlar hokimlariga joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlab, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Janubiy Koreya kabi davlatlardan investorlar olib kelib, mahalliy tadbirkorlarga sharoit yaratib, maktab qurilishiga 10 million dollardan mablag‘ni jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Maktablar quvvatini oshirishning maqbul yo‘llaridan biri xususiy sheriklik ekani taʼkidlandi.

Shu bois maktablar va bog‘chalar uchun xususiy sheriklik loyihalarining eʼlonda turish muddati 45 kundan 30 kunga qisqartiriladi.

Mutasaddilarga joriy yilda maktab taʼlimida kamida 100 ta shunday loyihani boshlash topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51613 | Инструменты