Huawei 1
O‘zbekistonda Germaniya universiteti tashkil etiladi

O‘zbekistonda Germaniya universiteti tashkil etiladi, deb xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi. 

Ma’lum qilinishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Germaniyaga amaliy safari doirasida Kyoten shahridagi Anxalt amaliy fanlar universitetiga tashrif buyurdi. Safar chog‘ida u mazkur universitet prezidenti, professor Yorg Bagdan bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvning markaziy mavzusi O‘zbekistonda Germaniya universitetini tashkil etish masalasi bo‘ldi. Sarvarxon Buzrukxonov mazkur tashabbusni amalga oshirishda Anxalt amaliy fanlar universiteti tajribasi va salohiyati muhim o‘rin tutishi mumkinligini qayd etdi.

Tomonlar universitetlararo munosabatlarni kengaytirish, ta’lim va ilmiy tadqiqot sohalarida innovatsion yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Safar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Anxalt amaliy fanlar universitetida yaratilgan sharoitlar, jumladan talabalar uchun qulay yotoqxonalar, zamonaviy o‘quv laboratoriyalari va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan o‘quv bazasi bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda Germaniya universitetini tashkil etishning dastlabki bosqichida bir necha muhim ta’lim yo‘nalishlari: elektrotexnika va kompyuter muhandisligi, yirik ma’lumotlar fani hamda sun’iy intellekt (Data Sciyencye and AI), shuningdek, xalqaro biznes bo‘yicha dasturlarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Bu tashabbus O‘zbekistonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, Yevropa standartlari asosida bilim berish va Germaniyaning ilg‘or akademik an’analarini joriy etish borasida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72704 | Инструменты