Huawei 1
O‘zbekistonda nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar ro‘yxati kengaytiriladi

Oila va xotin-qizlar sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Oila kodeksining nikoh yoshi to‘g‘risidagi 15-moddasi quyidagi qoidalar bilan o‘zgartirilmoqda va to‘ldirilmoqda:

nikohga kiruvchilar arizasiga ko‘ra homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinganda (emansipatsiya) nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

18 yoshga to‘lmagan yigit va qizlarni unashtirish marosimlarini o‘tkazish taqiqlanadi.

Yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni taqiqlash maqsadida Oila kodeksining 16-moddasi quyidagi qoidalar bilan to‘ldirilmoqda: ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajadagi qarindosh shaxslar o‘rtasida.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi 17-modda quyidagi qoidalar bilan to‘ldirilmoqda: tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibini buzgan shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 473-moddasiga nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarida belgilangan jarima miqdorini ko‘tarish taklif etilmoqda.

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonunda o‘rnatilgan nikoh tuzish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan tartib va shartlarni buzish – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103013 | Инструменты