O‘zbekistonda ОТМlar reytingini aniqlovchi “Bitiruvchi sifati indeksi”ni hisoblash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar
berdi.
Ma'lumotga ko'ra, vazirlik tomonidan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi muvaffaqiyatini baholovchi muhim idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu hujjat bilan “Bitiruvchi sifati indeksi”ni hisoblashda qo‘llaniladigan indikatorlar va koeffitsiyentlarni aniqlash tartibi rasman tasdiqlandi.
Yangi tartibga ko‘ra, indeks har bir hisobot yili (1-iyuldan keyingi yilning 30-iyunigacha bo‘lgan 12 oylik davr) yakunlari bo‘yicha quyidagi to‘rtta asosiy ko‘rsatkich asosida shakllantiriladi:
- Bitiruvchilarning ishga joylashish (band bo‘lish) tezligi;
- Barqaror bandlik darajasi;
- O‘rtacha oylik daromadi;
- Bandlik toifasi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bitiruvchilarning bandligini ta’minlagan oliygohlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Bunday bitiruvchilarning ish topish tezligi va toifasi bo‘yicha eng yuqori koeffitsiyentlar qo‘llaniladi hamda ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri barqaror bandligi ta’minlangan xodimlar sifatida hisobga olinadi. Shuningdek, bitiruvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta bandlik toifasiga mansub bo‘lsa, unga nisbatan belgilangan oshiruvchi koeffitsiyentlarning eng yuqorisi tanlab olinadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2026-yil 10-apreldagi PF–58-sonli Farmoniga asosan mazkur indeks joriy etilgan edi. Unga ko‘ra, har yili yakuniy natijalarga ko‘ra eng yuqori reytingni qo‘lga kiritgan 20 ta oliy ta’lim tashkilotining Karyera markazlari 500 million so‘mdan moliyaviy rag‘batlantirilishi belgilangan. Bu tizim OTMlar o‘rtasida bitiruvchilarni sifatli va yuqori daromadli ish bilan ta’minlash bo‘yicha sog‘lom raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.