O‘zbekistonda ta’lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish yig‘imi miqdori 4 barovargacha kamaytirilishi mumkin. Adliya vazirligi tomonidan ta’lim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish uchun yig‘imlar miqdorlari va ularni hisoblash tartibiga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan
o‘tkazildi.
Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, endilikda muayyan shartlar asosida akkreditatsiya yig‘imining bazaviy miqdori 4 barobarga kamaytirilishi, ya’ni uning atigi 25 foizi qo‘llanilishi imkoniyati yaratildi. Shuningdek, yig‘im miqdorini kamaytirish imkoniyati quyidagi 5 ta holatdan kamida bittasi mavjud bo‘lganda taqdim etiladi:
Yuqori idoralar topshiriqlari ijrosi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi Rahbari yoki Vazirlar Mahkamasining hujjatlaridagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida akkreditatsiya o‘tkazish zarurati tug‘ilganda.
Xalqaro akkreditatsiya mavjudligi: Ta’lim tashkilotidagi mavjud ta’lim dasturlarining kamida 50 foizi O‘zbekistonda tan olinadigan xalqaro yoki xorijiy akkreditatsiya tashkilotlari reyestriga kirgan tuzilmalar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lsa (bunda baholash ishlari hajmi qisqarishi inobatga olinadi).
Masofaviy shakl: Maxsus davlat akkreditatsiyasini to‘liq masofaviy shaklda o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lganda.
Yirik hajmdagi murojaat: Bir vaqtning o‘zida 10 ta va undan ortiq ta’lim dasturini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish uchun ariza berilganda.
Infratuzilmani takroran baholamaslik: Turdosh ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazishda umumiy bo‘lgan moddiy-texnika, kadrlar yoki boshqa infratuzilmani qayta baholash talab etilmagani sababli amaldagi ish hajmi qisqarganda.
Ushbu imtiyozlar ta’lim muassasalarining moliyaviy yukini kamaytirish hamda ta’lim dasturlarini xalqaro andozalar asosida akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini yanada rag‘batlantirishga xizmat qiladi.