Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qo‘yish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2023–2024-yillar va 2025-yilning 5 oyi davomida huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda 3500 dan ortiq reyd tadbirlari amalga oshirildi. 250 mingdan ortiq korxona va fuqarolarga sohaga oid profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Shundan sohaga oid qonunchilik talablarini buzgan 110 941 nafar shaxs aniqlanib, ularga 115 mlrd so‘m ma’muriy jarimalar belgilandi va 32 mlrd so‘m tabiatga yetkazilgan zararlar bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atildi, shundan jami 66 mlrd so‘m mablag‘ undirib olindi.
2023‒2025-yillar davomida jami 5439 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi yuzasidan Biznes-ombudsmanni xabardor etgan xolda tekshiruvlar o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida 3433 ta turli xil qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 1738 nafar mansabdor shaxsga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud organlariga taqdim etildi.
Shu bilan birga, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 4669 ta majburiy ekologik ko‘rsatmalar berilib, 322,3 mlrd so‘m tabiatga yetkazilgan zarar va atrof-muhitni ifloslantirilganligi uchun 60,3 mlrd so‘m qo‘shimcha kompensatsiya summalari hisoblandi. 245 ta korxona faoliyati kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi 81-son Farmoni asosida Bosh prokuratura tuzilmasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu boshqarma bilan hamkorlikda ekologik jinoiy huquqbuzarliklarga qarshi amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, so‘nggi uch yilda 982 mlrd so‘mlik 429 ta jinoiy ish hujjatlari (shundan 2023-yilda 171 ta, 2024-yilda 172 ta va 2025-yilning birinchi choragida 86 ta) prokuratura organlariga qonuniy chora ko‘rish maqsadida taqdim etilgan bo‘lib, shundan 275 ta holatda huquqbuzarlarga jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70115 | Инструменты