O‘zbekistonda suv omborlari atrofidagi bo‘sh yerlar turizm obyektlari qurish uchun  “E-auksion” orqali savdoga qo‘yiladi

27-oktabr kuni O‘zbekistonda suv omborlari va ularga tutash hududlarning turistik hamda iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, aholi va sayyohlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari ikki oy muddatda suv omborlari atrofidagi bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda bosqichma-bosqich turizm xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha master rejalar yuzasidan Turizm qo‘mitasiga taklif kiritadi.

Tasdiqlangan master rejalar asosida yer uchastkalari “E-auksion” yelektron savdo platformasi orqali auksionga chiqariladi. Yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar hisobidan viloyatlar hokimliklari tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda yo‘l-transport infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish choralarini ko‘radi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tegishli idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm hamda servis obyektlarini joylashtirish, loyihalashtirish va qurishga doir shaharsozlik normalari hamda qoidalarini takomillashtiradi.

Bunda hududda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan silkinishlar, sel-suv toshqinlari, ko‘chki va boshqa favqulodda vaziyatlar xavfi majburiy tartibda inobatga olinadi.

Eslatib o'tamiz, ushbu hujjat bilan suv omborlari atrofida turizm tashkil etgan tadbirkorlar 2029-yil 1-oktabrgacha yer va mol-mulk solig‘ining 50 foizini to‘lashi, ayrim uskunalar importida bojxona to‘lovlarini 120 kunga kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103016 | Инструменты