Xalq tilida “Suyunchi nafaqasi” deb ataladigan bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa amaldagi qonunchilikka muvofiq har bir tug‘ilgan farzand uchun to‘lab beriladi.
Pensiya jamg‘armasi bergan maʼlumotlariga ko‘ra, bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa summasi – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Yaʼni hozirgi kunda bu miqdor 688 ming 940 so‘mni tashkil etadi.
Prezident farmoni bilan joriy yil 1-dekabr kunidan mamlakatda ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori 7 foizga oshiriladi. Xususan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 980 ming so‘mdan 1 million 50 ming so‘mga ko‘tariladi. Bunda “suyunchi” puli miqdori ham 728 ming so‘mga yetadi.
Suyunchi nafaqasini olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, bunda fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish maqsadida “suyunchi nafaqasi”ni tayinlash bo‘yicha xizmatlar 2020-yildan boshlab, fuqaroning murojaatisiz kompozit shaklida amalga oshirilmoqda.
Yaʻni, bugungi kunda bola tug‘ilganda bolaga beriladigan familiya, ism va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha taʻlim tashkiloti haqidagi barcha maʻlumotlar tibbiyot muassasasi (tug‘ruqxona, shifoxona tug‘ruq bo‘limi, oilaviy poliklinika) tomonidan "Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish" avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
Pensiya jamg‘armasi tomonidan barcha zaruriy maʻlumotlar tibbiyot muassasasi va FHDYo axborot tizimlaridan elektron shaklda olingan holda “Suyunchi” nafaqasi avtomatik ravishda tayinlanadi.
Bunda, bolaning otasi yoki onasi Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish orqali “suyunchi” nafaqasini olish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, fuqaroning xohishiga ko‘ra, ushbu nafaqalar Xalq bankiga ham murojaat qilmasdan ularning bank kartasiga yuklab berilishi mumkin.
Maʻlumot uchun, bola tug‘ilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish mumkin.
Nafaqa tayinlash va to‘lash jarayonlari osonlashtirilganligi natijasida ushbu nafaqani oluvchilar soni oshdi. Misol uchun, statistik maʻlumotlarga muvofiq,
— 2022-yilda tug‘ilgan bolalar soni 932,2 mingtani tashkil etgan bo‘lsa “suyunchi” nafaqasi 922,4 ming nafariga (yoki 98,9%) to‘lab berilgan.
— Taqqoslash uchun, 2018-yilda tug‘ilgan bolalar soni 768,5 ming nafarni tashkil etib, “suyunchi” nafaqasini olish uchun 681,7 ming nafar (yoki 88,7%) murojaat qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122623 | Инструменты