O‘zbekistonning 8 ta hududida O‘RVI bilan kasallanish oshdi: vazir shifoxonalardagi yuklamani kamaytirish bo‘yicha topshiriq berdi

Oʻzbekistonning ayrim hududlarida o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish holatlari oshdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 17-noyabr kuni sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov mamlakatda gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning oldini olish va ularga qarshi samarali kurashish yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazdi.Unda vazirlik hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mas’ullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, barcha hududiy boshqarmalar, davolash muassasalari va tez tibbiy yordam xizmati rahbarlari ishtirok etdi.

Dastlab O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat, tibbiyot muassasalarida yaratilgan sharoitlar, mavjud o‘rin-joylar hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati xususida batafsil ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, 2026-yilning 10 oyida mamlakatda o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga kamaygan. Biroq ayrim hududlarda, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Sirdaryo, Farg‘ona, Jizzax, Qashqadaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlarida oktabr–noyabr oylarida kasallanish ko‘rsatkichlarining o‘sishi kuzatilgan.

Bugungi kunda respublikada jami 10 ming 573 ta bolalar o‘rni mavjud bo‘lib, ayni paytda ularning bandlik darajasi odatdagidan biroz yuqoriroq. Bu holat mavsumiy kasallanishga tayyorgarlikni yanada kuchaytirish, bemorlar oqimini to‘g‘ri yo‘naltirish va mavjud tibbiy resurslardan oqilona foydalanish zarurligini taqozo etadi.

Vazir o‘z so‘zida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emasligini ta’kidlab, shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarni kamaytirish, buning uchun, eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi faoliyatini samarali tashkil etish lozimligini qayd etdi.

“Gripp va O‘RVI bilan kasallanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bemorlarni nazoratga olishda birlamchi bo‘g‘inning mas’uliyati katta. Shu bois oilaviy shifokorlar va patronaj hamshiralari uyma-uy yurib, aholiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishi lozim. Shamollash mavsumida hech bir bemor e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Agar birlamchi tizimda ishlar to‘g‘ri tashkil etilmasa, shifoxonalarda o‘rin-joylar sonini oshirish bilan yuklamani kamaytirib bo‘lmaydi”, dedi Eldor Adilov.

Yig‘ilishda O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyatni kunlik tahlil qilib borish, hududiy shtablar faoliyati samaradorligini oshirish, bolalar, tug‘uruq, shoshilinch va yuqumli kasalliklar shifoxonalarida ehtiyojdan kelib chiqib, qo‘shimcha zaxira o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.

Shuningdek, antibiotik hamda gormonal preparatlarni faqat tibbiy ko‘rsatma asosida qo‘llash va bu borada nazoratni kuchaytirish, tibbiyot muassasalarini zarur dori vositalari bilan ta’minlash, aholi o‘rtasida profilaktika, vaksinatsiya va o‘zboshimchalik bilan davolanishning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish yuzasidan mutasaddilarga zarur vazifalar yuklandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112010 | Инструменты