Dehqon bozorlari yopilmaydi va faoliyat yoʻnalishini oʻzgartirmaydi — Davaktiv agentligi

Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda dehqon bozorlarini xususiylashtirish va ularning kelgusi taqdiri haqida turli savollar hamda taxminlar koʻpaydi. Shu munosabat bilan Davlat aktivlari agentligi bozorlarni modernizatsiya qilish jarayoni qanday tamoyillar asosida amalga oshirilishi yuzasidan rasmiy tushuntirish berdi.

Asosiy maqsad — bozorlarning asl vazifasini saqlab qolish

Agentlikning ta’kidlashicha, bozorlarni yopish yoki ularning oʻrnida savdoga aloqasi boʻlmagan boshqa obyektlar qurish haqida gap ketmayapti. Islohotning bosh tamoyili — dehqon bozorlarining asosiy vazifasini saqlab qolishdir. Aholi uchun odatiy boʻlgan savdo maydonlari oʻz faoliyatini davom ettiradi va fuqarolarni yangi qishloq xoʻjaligi hamda kundalik ehtiyoj mahsulotlari bilan ta’minlashda davom etadi. Bozorlar boshqaruviga xususiy sektorni jalb qilish va davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish quyidagi oʻzgarishlarga qaratilgan:

- Infratuzilmani yangilash: Hududlarni obodonlashtirish, zarur kommunal qulayliklar va avtoturargohlar tashkil etish.

- Xavfsizlik va gigiyena: Sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash hamda zamonaviy xavfsizlik tizimlarini joriy qilish.
- Qulay muhit: Xaridorlar, fermerlar, dehqonlar va tadbirkorlar uchun munosib savdo sharoitlarini yaratish.

Bunda “Ekobozor” va “Food City” kabi zamonaviy savdo majmualari tajribasi namuna sifatida koʻrilmoqda. Ular an’anaviy bozor muhitini zamonaviy savdo standartlari bilan uygʻunlashtirish mumkinligini koʻrsatmoqda.


Xususiylashtirish qanday tartibda oʻtadi?
Jarayon davlat mulkini ommaviy sotishni anglatmaydi, balki har bir bozorning oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqib, bosqichma-bosqich va manzilli tarzda olib boriladi. Qaror qabul qilishdan oldin ikkita muhim bosqich amalga oshiriladi:

- Har tomonlama tahlil: Obyektning holati, iqtisodiy salohiyati, ijtimoiy ahamiyati hamda aksiyadorlar huquqlariga oid qonunchilik talablari oʻrganiladi.
- Jamoatchilik fikri: Har bir bozorni realizatsiya qilishdan avval mahalliy aholi, tadbirkorlar va bozor ishtirokchilarining fikr-mulohazalari inobatga olinadi.


Agentlikka koʻra, modernizatsiya jarayoni aholiga qoʻshimcha noqulaylik tugʻdirmasligi, fermer va savdogarlarning oʻz mahsulotlarini sotish imkoniyatlarini asossiz cheklamasligi shart. Xususiylashtirishdan koʻzlangan pirovard natija — shunchaki mulk egasini oʻzgartirish emas, balki boshqaruv samaradorligini oshirish va zamonaviy, qulay savdo maskanlarini barpo etishdir.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111913 | Инструменты