Yangi kelishuvga koʻra, amal qilish muddati kamida olti oy boʻlgan biometrik pasport egalari har bir tashrifda 30 kungacha, bir kalendar yili davomida esa jami 180 kundan oshmagan muddatga vizasiz safar qilishi mumkin.
Oʻzbekistonliklarning Oʻmonda vizasiz qolish muddati 30 kungacha uzaytirildi. Oʻzbekiston TIV xabar berishicha, 17-noyabr kuni Oʻzbekiston prezidentining Oʻmonga amalga oshirgan davlat tashrifi chogʻida Oʻzbekiston hukumati bilan Oʻmon sultonligi hukumati oʻrtasida "oʻzaro vizadan ozod qilish" toʻgʻrisida bitim imzolangan.
Mazkur bitim ikki davlat fuqarolariga amal qilish muddati kamida 6 oy boʻlgan xorijga chiqish biometrik pasporti boʻyicha bir-birining hududiga vizasiz kirish, tranzit oʻtish va undan chiqish huquqini berishi qayd etilgan. Hujjatda quyidagi masalalar tartibga solinadi:
- har bir tashrifda 30 kungacha, bir kalendar yili davomida jami 180 kundan oshmaydigan muddatga vizasiz boʻlish;
- vizasiz rejim doimiy yashash, oʻqish yoki mehnat ruxsatnomasini talab qiladigan faoliyat uchun tatbiq etilmaydi;
- belgilangan muddatdan ortiq boʻlish uchun qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq viza olinadi;
- fors-major holatlarida boʻlish muddatini bepul uzaytirish tartibi;
- pasport yoʻqotilgan yoki shikastlangan taqdirda vaqtinchalik yoʻl hujjati berish va vizasiz chiqish tartibi;
- har bir tomonning nomaqbul deb topilgan shaxslarning kirishini rad etish yoki boʻlish muddatini qisqartirish huquqi.
Bitimning tuzilishi ikki davlat fuqarolarining oʻzaro safarlarini sezilarli darajada yengillashtiradi, turizm, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi, deydi TIV.
Mazkur bitim tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki tartib-taomillarni bajargani toʻgʻrisidagi soʻnggi xabarnomani olgan sanadan boshlab 30 kun oʻtgach kuchga kiradi.
Maʼlumot uchun, Oʻmon 2024-yil yozida Oʻzbekiston fuqarolari uchun 14 kunga vizasiz rejim joriy qilgandi. Oʻmon fuqarolari esa Oʻzbekistonga 30 kunga vizasiz kirishi mumkin edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111916 | Инструменты