“O’zelektroapparat-Electroshield” AJ 26 mln dollarlik taklif bilan tender g’olibi bo’ldi
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan magistral tarmoqlar nimstansiyalarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender tanlovi natijalari e’lon qilindi.
Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan mazkur tenderda “O‘zelektroapparat-Electroshield” AJ qariyb 26 mln dollarlik taklif bilan g‘alaba qozondi. Tenderda komissiya tomonidan baholangan 6 ta kompaniyaning 3 tasi 20 mln dollardan kam (15,9 mln; 19 mln, 17,3 mln), bittasi 23,7 mln dollar, yana bittasi esa 38,5 mln dollarlik taklif bergan.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zelektroapparat-Electroshield” AJning 80 foiz aksiyasi “Toshelectroapparat” MChJ XKga, 18,9 foizi “GK “Elektroshit”-TM Samara” kompaniyasiga, 1,1 foizi jismoniy shaxslarga taalluqli.
“Toshelectroapparat” MChJ XK esa to‘lig‘icha chet el kompaniyalariga — 75 foizi «Tanotraden AG» (Shveysariya) hamda 25 foizi “Comagra Commerz & Agrar-Handel AG” (Shveysariya) kompaniyalariga tegishli.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51610 | Инструменты