2023-yil uchun istisno tariqasida ovoz berish jarayoni may oyida o‘tkaziladi
Joriy yilning 3-may kuni Vazirlar Mahkamasining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat bilan endilikda "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar 2023-yildan boshlab jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.
Ovoz berish jarayoni – har yili noyabr–dekabr oylarida, 2023-yil uchun istisno tariqasida may oyida o‘tkaziladi.
Har yili 1-noyabrga qadar davlat budjetining tasdiqlangan ko‘rsatkichlari asosida, hududlar bo‘yicha yo‘naltiriladigan kapital qo‘yilmalar tuman va shaharlardagi aholi va mahallalar soniga nisbatan teng ulushlarda, lekin 8 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan holda ajratiladi.
Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayonlari uchta bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqichda — portalda loyihalar to‘plami shakllantiriladi;
2-bosqichda — shakllantirilgan loyihalar to‘plami saralab olinadi;
3-bosqichda — saralash bosqichidan o‘tgan loyihalar to‘plamlariga ovoz beriladi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari bilan birgalikda tegishli mahalla (qishloq) fuqarolari bilan bamaslahat hamda hududdan saylangan deputatlar oldida himoya qilingan loyihalar to‘plamini portalga kiritadi.
Tanlab olingan tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar miqdori loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha aniqlashtiriladi.
Endi ushbu qarorning qurilish bilan bog‘liq jihatlari haqida.
Gap shundaki, g‘olib mahallalar (qishloqlar) aniqlangandan so‘ng bir oy muddatda loyiha tashkilotlari tomonidan g‘olib hududlarning bosh reja sxemalari, batafsil rejalashtirish hamda mahalla va qishloqlar markazining zamonaviy qiyofasi aks etgan loyihalari ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanandi.
Dasturlarga kiritilgan obyektlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun zarur yer uchastkalarini belgilangan tartibda ajratish, arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarilishi ustidan kunlik monitoring ishlarini tashkil etish ta’minlanadi.
Shuningdek, obyektlar bo‘yicha loyihalashtirish topshiriqlarini ishlab chiqishda eng maqbul me’moriy va texnik yechimlar qo‘llaniladi.
Namunaviy loyihalardan foydalanish bo‘yicha tegishli soha vazirliklariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyalariga belgilangan ko‘rsatmalar yuboriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi dasturlar doirasidagi ob’yektlarning loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan puxta va sifatli o‘tkazilishini ta’minlaydi.
"Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlarini amalga oshirish doirasida bosh loyihachi va bosh pudrat tashkilotlar belgilangan tartibda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali hamda obyektlarni saqlash bilan bog‘liq ta’mirlash ishlari uchun jalb qilinadigan tashkilotlar belgilangan tartibda tender orqali aniqlanadi.
Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, mazkur Qaror bilan jamoatchilik nazoratini yuritish tartibi tasdiqlandi. Ushbu jarayonlarning barcha bosqichlarida bajarilgan ishlarni, real vaqt rejimida baholab borish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi esa ushbu yo‘nalishdagi qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatib, dasturlar ijrosini monitoring qilib boradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80311 | Инструменты