Huawei 1
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev: Ramzan Qodirov uzr so‘rashi kerak

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning o‘zbek amaldorlariga ochiqdan ochiq tahdidiga munosabat bildirib, u O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rashi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

"Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishi, shuningdek, o‘zbek davlat amaldorlariga nisbatan tahdid bildirishi yoki bosim o‘tkazishini mutlaqo qoralayman. Bunday harakatlar ikki do‘st davlat munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va har ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga zarar yetkazishi mumkin.

Men Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasidan Ramzan Qodirovning o‘zbek mulozimlariga taxdidi yuzasidan holatga huquqiy baho berishini so‘rayman. Bundan tashqari, Ramzan Qodirov o‘zining kechagi munosabati uchun O‘zbekiston xalqidan ochiqdan ochiq uzr so‘rashi kerak. Shu bilan birga agar u do‘st bo‘lsa O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Beslan Rasayev va Shamil Temirxanovni topishda amaliy yordam berishi va uni O‘zbekistonga topshirishi lozim", deb yozgan deputat.

Shuningdek, Rasul Kusherbayev ham holat yuzasidan o'z munosabatini bildirdi. U Grozniyga aviaqatnovlarni to‘xtatish va har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishini qat’iy tekshirish vaqti kelganini ta'kidlamoqda.

"Bosh prokuratura Rossiya fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov Komil Allamjonovga suiqasd ishi doirasida qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi kabi jinoiy harakatlarni sodir etganliklari aniqlanib, ular qidiruvga berilganini ma’lum qildi.

Kim o‘zi bu ikki shaxs? Qayerdan paydo bo‘ldi bu terrorchilar? Xavfli jinoyatchilar qaysi yo‘l bilan O‘zbekiston hududiga kirishdi? Bu masala aniq oydin aytilishi lozim.

Oldinroq Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov suiqasdda "chechen qo‘li" borligini inkor qilib, o‘z chiqishida Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilgan, ularga "qilmishlari" uchun javob berishi haqida ochiqchasiga bayonot bergandi.

O‘zbekistondagi mansabdor shaxslarga ochiqcha tahdid qilish bu — terrorizm. Buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoki gapirib chiqqan shaxslar ham javob berishi lozim.

Shunday tahdidlar bo‘layotgan vaqtda O‘zbekiston hukumati nega jim turishi kerak? Qachongacha o‘zini shovinistik qarashlari bilan bizga ochiqcha tahdid qiladiganlarni indamay kuzatib o‘tiramiz? Rasmiy shaxs tomonidan bo‘layotgan ochiq tahdidga munosib javob berish vaqti kelmadimi?

Javob shunchaki bayonot bilan emas, aniq choralar orqali bo‘lishi shart va zarur! Kerak bo‘lsa, yetakchisi ochiqcha tahdid qilayotgan Grozniyga aviaqatnovlarni ham bekor qilish, har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishida qat’iy tekshirish lozim" deya yozgan Rasul Kusherbayev. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122823 | Инструменты