Putin Qozog‘istondagi samolyot halokati uchun Aliyevdan uzr so‘radi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyevdan Qozog‘istonda AZAL yo‘lovchi samolyotining qulashi bilan bog‘liq hodisa uchun uzr so‘radi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Vladimir Putin fojiali voqea Rossiya havo hududida yuz bergani uchun uzr so‘radi va yana bir bor chuqur va samimiy hamdardlik bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Suhbatda aytilishicha, samolyot Grozniyga qo‘nmoqchi bo‘lgan, biroq o‘sha paytda Chechenistonning ma’muriy markazi, shuningdek, Vladikavkaz va Mozdok Ukraina dronlari tomonidan hujumga uchragan va Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari hujumlarni qaytargan.
Hozir Ozarbayjon va Rossiya prokuraturasi hamda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi xodimlari Grozniyda qo‘shma tekshiruv o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi va Ozarbayjon xizmatlari ishtirokida Aqtau yaqinidagi samolyot halokati joyida tergov harakatlari olib borilmoqda.
25-dekabr kuni ertalab Ozarbayjon poytaxti Bokudan Grozniyga uchgan Ozarbayjon havo yoʻllari aviakompaniyasining Embraer yoʻlovchi samolyoti Qozogʻistonning Aktau aeroportida halokatga uchradi. Halokatdan oldin samolyot ekipaji favqulodda qo‘nishni so‘ragan.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot bortida 69 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayev 29 nafar jabrlanganlar shifoxonalarga yetkazilganini ma’lum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122908 | Инструменты