O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov sirtqi taʼlim shaklini qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ko‘plab talabalar o‘qishni ish bilan birga olib bormoqda va sirtqi yoki kechki bo‘limlarda tahsil olmoqda, biroq bunday shakllar «zamonaviy talablarga javob bermaydi».
«Dunyoda boshqa yondashuvlar — masofaviy, uzaytirilgan taʼlim qo‘llanilmoqda. Yaʼni talaba dasturni to‘rt yilda emas, balki besh-olti yilda, o‘zi uchun qulay bo‘lgan surʼatda, fanlar va o‘qish yillarini tanlagan holda o‘tashi mumkin», — dedi vazir.
Uning taʼkidlashicha, kadrlar tayyorlash tizimi bozor talablariga mos bo‘lishi kerak.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov, shuningdek, o‘tgan yili prezident mamlakat sanoatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun muhandis kadrlarni, ayniqsa yoshlar orasida tayyorlash vazifasini qo‘yganini eslatdi.
Shu munosabat bilan aprel oyi «Muhandislik oyligi» deb eʼlon qilindi. Uning doirasida uchta — «Eng yaxshi g‘oya», «Eng yaxshi loyiha» va «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyalari bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkaziladi. Unda talabalar, 40 yoshgacha bo‘lgan o‘qituvchilar va amaliyotchi muhandislar ishtirok etishlari mumkin.
G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alarga ega bo‘ladilar:
birinchi o‘rin uchun — 9 ta elektromobil;
ikkinchisi uchun — rivojlangan mamlakatlarda (Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqalar) stajirovka o‘tash;
uchinchi o‘rin uchun — BHMning 100 baravari (37,5 mln so‘m) miqdorida mukofot.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tanlovga 2000 ga yaqin loyiha topshirilgan bo‘lib, ulardan 67 tasi allaqachon ishlab chiqarishga joriy etilgan va ishtirokchilarning umumiy soni 5000 dan oshgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50120 | Инструменты