Huawei 1
Ombudsman Chirchiq shahar IIB hibsxonasida vafot etgan 22 yoshli yigit ishi bo'yicha tekshiruv boshladi

Avvalroq, Toshkent viloyati Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasida 22 yoshli yigit vafot etgani haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) rasmiy munosabat bildirib, ushbu voqeani o‘rganishni boshlaganini ma'lum qildi. 

Ma'lum qilinishicha, yigit joriy yilning 20-noyabr kuni o‘g‘rilik jinoyatida gumonlanib qamoqqa olingan. U 1-dekabr kuni soat 02:30 larda hibsxonada o‘zini osgan holda topilgan. 

Yigitning o‘z joniga qasd qilishiga nima sabab bo‘lgani hozircha ma’lum emas. Hibsxona kamerasidagi tasvirlarga ko‘ra, yigit o‘zini choyshabga osgan.

O‘zini osgani aytilgan bo‘lsa-da, yigitning burni singani va tanasida jarohatlar borligi aniqlangan. Shundan so‘ng yigitning ota-onasi o‘g‘lining jasadini ko‘mishga ruxsat bermagan va ekspertiza o‘tkazilishini talab qilmoqda. 

“Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, ishga taalluqli ma’lumotlar so‘rab olindi. Ishga oid hujjatlar o‘rganilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va marhumga sud-ekspertizasi tayinlangan.

To‘plangan hujjatlar o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun viloyat prokuraturasiga yuboriladi va yuqoridagi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ombudsman yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini nazorat qiladi”, deyiladi Ombudsman xabarida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90710 | Инструменты