O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Milliy muzeyi ijrochi direktori, doktor Jigmond Gabor bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Muzokaralar chog'ida madaniyat va muzey ishi, arxeologiya, restavratsiya va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik o'rnatish istiqbollari muhokama qilindi.
Vengriya tomoniga O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida ma'lumot berildi. Tarixiy-madaniy yodgorliklarga oid ma'lumotlar almashinuvi, qo'shma ko'rgazmalar tashkil etish va ikki davlat muzeylari o'rtasida muloqotni yo'lga qo'yishga alohida e'tibor qaratildi. Vengriya vakili ikki tomonlama aloqalarni, jumladan, O'zbekiston muzeylari bilan maslahatlashuvlarni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
"O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdormiz. Shuningdek, 2025-yil avgustidan 2026-yilning fevral oyigacha bo'lib o'tishi rejalashtirilgan "O'zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi" xalqaro ko'rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etishdan mamnun bo'lar edik", – dedi Jigmond Gabor.
Tomonlar O'zbekiston va Vengriyaning ixtisoslashtirilgan muassasalari o'rtasida madaniy almashinuvni yana-da rivojlantirish va sheriklikni mustahkamlashdan o'zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61818 | Инструменты