O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov (qarorgohi Budapeshtda joylashgan) Serbiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Deyan Damyanovich bilan onlayn muzokaralar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Muloqot chog'ida xorij tomoniga shu yil 5-mart kuni O'zbekiston Prezidenti raisligida bo'lib o'tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig'ilishi tafsilotlari haqida so'zlab berildi.
Tomonlar korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Mazkur sohadagi ustuvor yo'nalishlarga alohida e'tibor qaratildi.
Serbiya tomoni O'zbekiston Adliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan uzoq muddatli hamda o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Deyan Damyanovich korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish va qo'shma yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligini ta'kidlab, O'zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan muntazam muloqotni yo'lga qo'yishdan manfaatdorligini bildirdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida O'zbekiston va Serbiya o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash har ikki mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati samaradorligini oshirish va shaffof ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31601 | Инструменты