Huawei 1
O'zbekistonda 29 qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilindi

2024-yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlarining jami 81,2 gektar yer maydonidagi 29 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib, sanitariya talablari asosida tuproq qatlami bilan yopildi.

Chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik meʼyorlarga mos emasligi yer maydonlarining zaharlanishi va genofondi buzilishi, yong‘in xavfi, atmosferaga issiqxona gazlari chiqishi ortib borishiga sabab bo‘ladi. Bu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra 1 108,6 gektar maydonga teng 167 ta poligon rekultivatsiya qilinishi belgilangan. 

Taʼkidlash joizki, bu kabi chora-tadbirlar natijasida issiqxona gazlari sizib chiqishiga chek qo‘yilib, yong‘in xavfi oldi olinmoqda. Shuningdek, sizot suvlarining atmosfera havosiga salbiy taʼsiri 78 foizga kamaytirildi. 

Bundan tashqari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘ylab 112 ta chiqindi poligoni atrofiga 197 mingta daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil qilinishi natijasida yer genofondi yaxshilanib, yashil hududlar yaratilmoqda.

Chiqindi poligonlarining holati ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Kelgusida sohada zamonaviy talablarga javob beruvchi poligonlar tashkil etilishi barobarida zararli gazlar va aholi oʻrtasida turli kasalliklar kelib chiqishini keskin qisqartirish maqsad qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11423 | Инструменты