Huawei 1
O'zbekistonda olti gektar maydonda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida "aqlli" issiqxona quriladi

Amaliy tashrif bilan yurtimizda bo'lib turgan Koreya Respublikasi Xalqaro bog'dorchilik instituti prezidenti Lii Yong-beom boshchiligidagi delegatsiya vakillari O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Qahramon Yuldashev bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Muloqot chog'ida Janubiy Koreyaning "Korea Smart Farm R&D" jamg'armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan "Development of Northern-Type Smart Farm Package Model for Export" loyihasi doirasida Qishloq xo'jaligi vazirligi tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida 0,6 gektar issiqxona majmuasini qurish bo'yicha loyihani amalga oshirilish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston uchun aynan qishloq xo'jaligi sohasida Janubiy Koreyaning yuqori texnologiyalarga asoslangan samarali tajribasini va eng zamonaviy yechimlarini o'rganib, amaliyotga tatbiq etilishi hamda bugungi kunda sohada geoaxborot tizimi yo'nalishida qo'shma grant loyihalari amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

Tomonlar, koreyalik mutaxassislar bilan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida ishlab chiqilgan "aqlli" ko'rgazmali issiqxona majmuasida turli xil qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish va issiqxonada ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish bo'yicha yaratiladigan imkoniyatlar xususida fikr almashildi.

Ushbu "aqlli" issiqxona afzalliklaridan biri sifatida energiya tejamkorligi va issiqxona boshqaruvchisini kompyuter tizimi orqali uzoq va yaqin masofalarda boshqarish imkoniyati mavjud bo'lishi haqida aytib o'tildi.

Uchrashuv yakunida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va Koreya Respublikasi Xalqaro bog'dorchilik instituti o'rtasida ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 63011 | Инструменты