O'zbekiston bosh konsuli Burxon Aliqulov Rossiyaning Rostov viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Yuriy Slyusar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Muloqot chog'ida hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklikni jadallashtirish bo'yicha yangi yo'nalishlarga e’tibor qaratildi.
Bosh konsul O'zbekiston hududlari va Rostov viloyati o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarning bugungi holati va istiqbollari to'g'risida so'zlab berdi. Mamlakatlarimiz hududlari o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aloqalar yo'lga qo'yilgani, viloyat rahbarlarining uchrashuvlari muntazamlik kasb etayotgani yuqori baholandi.
Tomonlar migratsiya sohasida o'zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. O'zbekiston hukumati uyushgan va xavfsiz mehnat migratsiyasini har tomonlama qo'llab-quvvatlayotgani, bu ikki mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko'rsatayotgani ta’kidlandi.
Rostov viloyati qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, mashinasozlik, metallurgiya va ko'mir sanoati bo'yicha federatsiyaning eng yirik subyektlaridan biri hisoblanishi qayd etildi. Viloyat rahbari, shuningdek, o'zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida qo'shma loyihalarni faollashtirish va yangi yo'nalishlarni topish muhimligiga e’tibor qaratdi.
"Ta’lim, turizm va madaniyat jabhalarida ham aloqalarimizni kengaytirish uchun ulkan salohiyat bor. Shu munosabat bilan, 2025 yilning ikkinchi yarmida O'zbekiston shaharlaridan birida Rostov viloyati madaniyati kunlarini o'tkazishni taklif qilaman", - dedi Yuriy Slyusar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12119 | Инструменты